Toshkentda Gerasimov nomidagi Butunrossiya kinematografiya davlat instituti filiali ochildi


Filialda o‘qish joriy o‘quv yilidan boshlanadi. Bu yil davlat granti 50 foizni tashkil qiladi.

Prezident qarori bilan Toshkent shahrida “S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti" federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filiali tashkil etildi. 

Hujjatga ko‘ra, filialda o‘qish 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi. Joriy o‘quv yilida davlat granti 50 foizni va kelgusi o‘quv yilidan 30 foizni tashkil etadi.

Taʼlim jarayoni Kinematografiya agentligi bilan kelishgan holda BDKI tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv reja va dasturlar asosida rus tilida olib boriladi, shu bilan birga unda o‘zbek tili va O‘zbekiston tarixi o‘qitiladi.

Dramaturgiya va prodyuserlik (turlari bo‘yicha) filialning asosiy taʼlim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari hisoblanadi. Taʼlim kunduzgi, sirtqi shaklda hamda masofaviy tarzda yo‘lga qo‘yiladi.

Bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy maʼlumot sifatida tan olinadigan Rossiya Federatsiyasi davlat namunasidagi BDKI diplomi beriladi.

Filialda davlat granti asosida taʼlim olgan bitiruvchilar 5 yildan kam bo‘lmagan muddatga majburiy ishlab berish sharti bilan kinokompaniyalar, teleradiokompaniyalar yoki kino va televideniye sohasidagi tashkilotlarga taqsimlanadi.