Toshkentdagi VGIK filialida uchta yangi yo‘nalish ochiladi. Bu haqda VGIK Toshkent filialida Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimova, S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti rektori Vladimir Malishev va O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori, VGIK Toshkent filiali Vasiylik kengashi raisi Firdavs Abduxoliqov o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Kelishuvga Rossiya Madaniyat vazirligi rahbariyati va Butunrossiya davlat kinematografiya instituti rektorining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishildi.
Olga Lyubimova va Vladimir Malishev universitetning moddiy-texnik bazasi, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, ular bilan uchrashuv o‘tkazdi, shuningdek, istiqboldagi rejalarni muhokama qildi.
Lyubimova Toshkentda VGIK filialining ochilishini Rossiya va O‘zbekiston kinematografiyasi rivoji uchun eng muhim voqea deb atadi.
«Ushbu qaror ikki davlat rahbarlarining tashabbusi bilan qabul qilingan. Prezidentlarimizning kinematografiyaga e’tibori, ardoqli munosabati sohaning rivoji uchun juda muhim hisoblanadi. Ushbu tashabbus tufayli O‘zbekistonda kinematografiya sohasi qayta tiklana boshladi», — deya ta’kidladi Olga Lyubimova.
Rossiya Madaniyat vaziri oliy ta’lim maskani talabalari bilan uchrashib, ularni filialning ochilishi va birinchi o‘quv yilining yakunlanishi bilan tabrikladi.
«Siz tanlagan yo‘l juda mashaqqatli. Faqatgina o‘z hayotini kinosiz tasavvur qila olmaydigan insonlargina ushbu yo‘lni bosib o‘ta oladilar. Sizlarga oxirigacha borishingizni, zo‘r mutaxassis sifatida shakllanishingizni tilayman. Sizlarni va filmlaringizni kutib qolamiz. Taqdim etilayotgan imkoniyatlardan iloji boricha unumli foydalaning», - dedi vazir talabalar bilan uchrashuvda.
Kinematografiya agentligi bosh direktori va VGIK Toshkent filiali Vasiylik kengashi raisi Firdavs Abduxoliqov Toshkent filialining yaqin kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
«Bugungi uchrashuvda biz Rossiya Madaniyat vazirligi va VGIK rahbariyatiga o‘z imkoniyatlarimizni namoyish qildik va shu orqali ularni uchta yangi yo‘nalish – aktyorlik san’ati, kino va televideniye rejissyorligi hamda kinooperatrlik yo‘nalishlarini ochish zarurligiga ishontirdik. Yangi yo‘nalishlar keyingi o‘quv yilidayoq ochiladi. Tashrif davomida bu borada kelishuvga erishilgani juda ham muhim voqea hisoblanadi. VGIK rahbariyati bizga ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha malakali o‘qituvchilar bazasini shakllantirishiga va’da berdi», — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Butunrossiya davlat kinematografiya instituti rektori Vladimir Malishev VGIK universitet maqomini olganini alohida ta’kidlab, O‘zbekistonga tashrifdan ko‘zlangan maqsadlar haqida ham gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashrif filialni yanada rivojlantirish masalalarini joyida muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan. Iyul oyida ta’lim muassasi talabalarni qabul qila boshlaydi.