Andijon viloyatida 2022-yilda ikkita xususiy oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi


Andijon viloyatida ikkita xususiy oliygoh — Hindistonning Glokal universiteti filiali hamda Samo klaster innovatsion texnologiyalar instituti tashkil etiladi.

Shuningdek, talabalarni turar joy bilan ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 1 ming 600 o‘rinli 4 ta yangi talabalar yotoqxonasi barpo etiladi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022—2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni asosida ishlab chiqilgan davlat dasturidan kelib chiqib, Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi hamda 2022-yilda uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi" ishlab chiqilgan.

Mazkur hujjatga asosan, 2022-yilda viloyatda ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan qator ishlarni amalga oshirish belgilangan. Jumladan, shu yili viloyatda maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar qamrovini 75 foizdan 82 foizga yetkazish maqsadida 1 ta yangi davlat, 14 ta davlat-xususiy sheriklik, 306 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etiladi, 17 ta davlat MTTlari rekonstruksiya qilinadi.

Maktablarni moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 3 ta yangi maktab quriladi, 19 tasi rekonstruksiya va kapital ta’mirlanadi. Natijada 7 mingdan ortiq yangi o‘quv o‘rinlari yaratiladi.

Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 4 ta yangi oilaviy poliklinika, 9 ta mahallada oilaviy shifokorlik punkti tashkil etiladi. Viloyatdagi 6 ta tibbiyot muassasasida qurilish-ta’mirlash hamda jihozlash ishlari bajariladi.

Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi to‘liq rekonstruksiya qilinib, uning negizida vodiy aholisi uchun murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladigan Tibbiyot markazi tashkil etiladi. Bundan tashqari, Hindiston bilan hamkorlikda kardiologiya markazi tashkil etiladi.