Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi saytida “Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik: Rossiya universitetlarining yangi filiallari, Suffa xalqaro radioastronomiya observatoriyasi, qo‘shma ilmiy loyihalar" nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar beradi “Dunyo" agentligi.
Ma’lumot vazirlik departamenti direktori o‘rinbosari Yelena Gorojankina tomonidan ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi arafasida tayyorlangan.
“Bugungi kunda Rossiya va O‘zbekiston hamkorlikda ko‘plab loyihalarni amalga oshirmoqda. Eng yiriklaridan biri — keng ko‘lamli astrofizik tadqiqotlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan Suffa xalqaro radiokosmik observatoriyasini qurilishi doirasida amalga oshirilyapti. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik 48,7 ming talaba Rossiya OTMlarida ta’lim olmoqda. Yaqin yillarda Rossiyaning yana 7 ta universiteti O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochishni rejalashtirgan", — deyiladi maqoladi.
Maqolada qayd etilishicha, Rossiyaning quyidagi 7 ta universiteti O‘zbekistonda o‘z filialini ochishni rejalashtirgan: N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyoti universiteti, A.N.Kosigin nomidagi Rossiya davlat universiteti (Texnologiya. Dizayn. San’at), Shimoliy Kavkaz federal universiteti, Samarqandda Rossiya davlat gumanitar universiteti, Moskva davlat geodeziya va kartografiya universiteti, Perm milliy tadqiqot politexnika universiteti, Moskva davlat oziq-ovqat ishlab chiqarish universiteti.