Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Bosh boshqarmasi boshlig‘i Asliddin Odilov kerakli mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasini xususiy oliygohlarga ham berish tizimini yo‘lga qo‘yish mexanizmlari haqidagi savolga javob berdi.
«Bizning maqsadimiz yoshlarga sifatli ta'lim olish imkoniyatlarini yaratish. Bu imkoniyatlar hamma joyda teng bo‘lishi kerak. Bu narsa shu kunga qadar ayniqsa oliy ta'limda juda ham dolzarb muammo edi. Chunki davlat buyurtmasi, ya'ni davlat granti asosida o‘qish davlat OTMlariga berilar, xususiy OTMlarga berilmas edi.
Prezident tashabbusi bilan bu yildan boshlab davlat buyurtmalarini joylashtirishda nafaqat davlat OTMlariga, balki xususiy OTMlarga ham joylashtirish tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Davlat buyurtmasi birinchi navbatda ta'lim sifati yuqori bo‘lgan joyga joylashtirilishi kerak. Biz ko‘rmoqdamizki, bu borada xususiy sektor o‘z ishini a'lo darajada bajarmoqda. Demak, nega buyurtmani ularga bermasligimiz kerak? Agar davlatimizga sifatli kadr kerak bo‘ladigan bo‘lsa, bundan keyin buyurtmaning bir qismini xususiy sektorga ham joylashtirib boramiz. Bu bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Davlat buyurtmasini shakllantirishga mas'ul organ bu Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hisoblanadi. Buyurtmani shakllantirishdagi asosiy tamoyil bu - ta'lim sifati yuqori bo‘lgan OTMlar hamda xususiy OTMlar birinchi navbatda davlat buyurtmasini qabul qiladi. Bu 2021 yildan boshlab joriy etiladi», degan u.
Tadbir davomida Kun.uz muxbiri pandemiya vaqtida xususiy maktablar iqtisodiy va moliyaviy jihatdan qiyinchiliklarga duch kelishgani, xususiy ta'lim muassasalari davlatning ishini bir qadar yengillashtirayotganini hisobga olgan holda NTMlarga davlat tomonidan qandaydir imtiyoz yoki yordamlar berilishi ehtimoli haqida so‘ragan.
«Xususiy sektor chindan ham davlat yukini o‘z bo‘yniga olmoqda, ayniqsa majburiy ta'limda. Shuningdek, ular sifatli ta'lim bermoqda. Bu bo‘yicha Ta'lim inspeksiyasining pozitsiyasi har doim bir xil bo‘lib kelgan. Ularga imtiyozlarni kengroq yaratishimiz kerak. Chunki bu bozor bizda endi shakllanib kelmoqda. Agar ularning oyoqqa turishi uchun imtiyoz va subsidiyalar hozirdanoq berilsa, bu sektor yanada kengayadi.
Muhim tomoni shunda bo‘lmoqdaki, ta'limdagi innovatsiyalar, yangilik va o‘zgarishlar asosan shu sektor orqali davlat OTMlariga yoyilmoqda. Biz buni e'tirof etamiz va har doim bularni yanada kengaytirish bo‘yicha ishlarni amalga oshiramiz. Bu bo‘yicha ishlar to‘xtab qolgani yo‘q», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.