Tibbiyot sohasi uchun ham “Zulfiya” mukofoti joriy etiladi


Muhokamalar portaliga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” 1999-yil 10-iyundagi PF–2326-son Farmoniga tibbiyot yo‘nalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish prezident farmoni loyihasi joylashtirildi.

Ushbu loyihaga ko‘ra, endilikda tibbiyot yo‘nalishida alohida “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilishi mumkin.

Tibbiyot sohasida alohida yutuqlarga erishgan, ilmiy izlanishlar olib borgan yoki jamoatchilikka munosib hissa qo‘shgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli xotin-qizlar mazkur mukofot bilan taqdirlanishi nazarda tutilmoqda.

Mukofotga nomzodlardan so‘nggi uch yil davomida tibbiyotda amalga oshirgan ishlari, ilmiy maqolalari, patentlari yoki jamoatchilik faoliyatidagi yutuqlarini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlar taqdim etilishi talab qilinadi.

Shu bilan birga, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga uch oy muddatda qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taklif tayyorlab, Hukumatga taqdim etish vazifasi yuklatilgan.

Mutaxassislarning fikricha, mazkur tashabbus tibbiyot yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan qizlarni yanada ko‘proq safarbar etadi. Bu nafaqat ularning shaxsiy salohiyatini namoyon qilishga, balki mamlakat sog‘liqni saqlash tizimidagi ilmiy va amaliy ishlanmalarni kuchaytirishga ham xizmat qiladi.