Yuridik universitetga 5000 nafar abituriyent hujjat topshirdi


Hududlardagi davlat xizmatlari markazlari tomonidan Toshkent davlat yuridik universitetiga 2018-2019-o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjat qabul qilinayotgani haqida xabar bergandik.

Davlat xizmatlari agentligining Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 15-iyundan hozirgacha TDYuU ga 5000 nafarga yaqin abituriyent DXM orqali hujjat topshirgan. 

Eslatma: Toshkent davlat yuridik universitetiga faqat davlat xizmatlari markazlari orqali hujjat topshirish mumkin. Buning uchun abituriyentdan talab qilinadigan hujjatlar: pasport; o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotni tasdiqlovchi hujjat; shuningdek, agarda abituriyent olimpiada yoki xalqaro musobaqa g‘olibi bo‘lsa, shuni tasdiqlovchi hujjat. Hujjatlarning asl nusxalari egalariga qaytarib beriladi. DXM orqali yuridik universitetga hujjat topshirishda tibbiy ma’lumotnoma, foto va hokazolar talab qilinmaydi. Abituriyentlardan hujjat qabul qilinadigan oxirgi kun — 15-iyul.

Istisno: faqatgina nogironlar va chet el fuqarolari bevosita yuridik universitetning o‘ziga borib hujjat topshirish huquqiga ega.

Bu o‘zgarishlardan maqsad vaqt va yo‘l xarajatlari, turarjoy bilan bog‘liq tashvishlarga barham berishdir.

Misol: Qoraqalpog‘istondan Toshkentga kelib hujjat topshirishga 1 kishi uchun yo‘l xarajatlari (mehmonxona, ovqatlanishni hisobga olganda) 1 million so‘mdan oshadi. Agar hamroh qo‘shilsa, bu xarajat 2 million so‘mdan oshib ketadi.

Demak, davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish orqali abituriyent ham vaqtdan, ham naqddan yutmoqda.

Manba: xabar.uz