Bugun, 28 avgust kuni Milliy matbuot markazida Oliy va o‘rta-maxsus ta`lim vazirligi va OAV vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 2018-2019 o‘quv yilida oliy ta`lim tizimiga joriy etilgan yangiliklar va huquqiy-me`yoriy hujjatlarga kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqida ma`lumot berildi.
Jumladan, 2018-2019 o‘quv yili uchun belgilangan 82900 nafar o‘rniga 69516 nafar abituriyent talabalar safiga qo‘shilgan. Ushbu vaziyatga Oliy va o‘rta-maxsus ta`lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov izoh bergan.
«2018-2019 o‘quv yili uchun respublika Oliy ta`lim muassasalariga jami 679 979 nafar abituriyent hujjat topshirgan (o‘tgan yili 729 947 nafar). 13 kun davomida o‘tkazilgan test sinovlarida 69 516 nafar abituriyent qabul qilindi. Ammo biz 82 900ta qabul kvotasini joriy etgandik. Texnika yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar eng yuqori ballning 30 foizini (56.7 ball) ham to‘play olishmagan. Natijada, respublika bo‘yicha ajratilgan qabul kvotalarining 13 mingdan ortig‘i bo‘sh qoldi», deya boshqarma boshlig‘i so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri.
Eslatib o‘tamiz, respublika OTMlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining 5-son bayoni bilan test sinovlarida kirish uchun yetarli ball to‘play olmagan, biroq eng maksimal ballning 30 foizini to‘plagan abituriyentlarga oliy ta`lim olish imkonini berish maqsadida 276ta yo‘nalishda jami 11 xil miqdorda oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori tasdiqlandi.
Manba: kun.uz