Qoʻqonda texnika universitetining filiali ochildi


24 sentyabr kuni Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Qoʻqon filialining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Qoʻqon shahar hokimligi xabar berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-sentyabrdagi 754-sonli qarori bilan tashkil etilgan oʻquv maskanida talabalar “Texnologik mashinasozlik va jihozlash", “Elektr va asbobsozlik", “Materialshunoslik, elektrotexnika, elektromexanika va elektr texnologiyalari", “Radioelektron qurilmalar ishlab-chiqarish texnologiyasi" kabi beshta yoʻnalish boʻyicha tahsil oladilar, – dedi Qoʻqon shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Ulugʻbek Norboyev.

Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida doimiy propiska qilingan, respublika OTMlariga qarorda belgilangan taʼlim yoʻnalishlarining mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga hujjat topshirgan va test sinovlari natijalariga koʻra oʻqishga kira olmagan, biroq toʻplagan ballari eng yuqori ballning 30 foizi (56,7 ball)dan kam boʻlmagan abituriyentlar TDTUning Qoʻqon filialiga kirishi mumkin.

Koʻpchilik savol yoʻllab, abituriyent aynan qaysi yoʻnalishlarga hujjat topshirgan boʻlishi kerak, deya soʻrashmoqda. Bular quyidagilar:

1) Elektronika va asbobsozlik (tarmoqlar boʻyicha) - (shifr: 5310800);

2) Elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari (tarmoqlar boʻyicha) (shifr: 5310700);

3) Texnologik mashinalar va jihozlar (tarmoqlar boʻyicha) (shifr: 5320300);

4) Materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi (tarmoqlar boʻyicha) (shifr: 5320100);

5) Elektron apparaturalar ishlab chiqarish texnologiyasi (shifr: 5321900).

Faqat mana shu yoʻnalishga hujjat topshirib, oʻqishga kira olmagan vodiylik abituriyentlargina TDTUning Qoʻqon filialiga kirishlari mumkin.

DTM bu yilgi qabul jarayonida shu 5 ta yoʻnalishlarga hujjat topshirib yiqilgan barcha vodiylik abituriyentlarning roʻyxatini ballar ketma-ketligiga rioya etgan holda Filialga yetkazadi. Uyogʻiga Filialdagilar eng yuqori balldan boshlab, abituriyentlar bilan bogʻlanadi. Yuqori ball olganlardan kimdir oʻqishni rad etsa, unda keyingi oʻrindagi abituriyentga imkoniyat beriladi.

Jami 125 ta kvota ajratilgan.

Agar oʻqimoqchi boʻlganlar 125 tadan koʻproqni tashkil qilsa, unda nima boʻladi? Bunday vaziyatda oʻqishdan necha ball olib yiqilganiga qaraladi va kattaroq ball toʻplaganlarga ustunlik beriladi.

Filial Qoʻqon qurilish va iqtisodiyot kasb-hunar kollejida oʻz faoliyatini boshlaydi. Kollej oʻquvchilari esa oʻqishni bitirgunlariga qadar oʻquv jarayonini Filial binolarida davom ettiradi. Yaʼni bir paytda bitta binoda ham OTM talabalari, ham kollej oʻquvchilari oʻqishadi.

Taʼlim muassasasining ochilish marosimida soʻzga chiqqan Qoʻqon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov bu ilm maskani Qoʻqon erkin iqtisodiy zonasida tashkil etilayotgan ishlab chiqarish korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlashda asosiy baza boʻlishini taʼkidladi.


Manba: @xushnudbek