“Ipak yoʻli” xalqaro turizm universitetiga qabul boshlandi


25 sentyabr kuni “Ipak yoʻli" xalqaro turizm universitetiga qabul boshlanishi munosabati bilan Samarqand davlat universitetida tadbir tashkil etildi. 

“Mamlakatimizda sayyohlik infratuzilmasini shakllantirish iqtisodiyotning oʻsishiga yordam beradi, – dedi tadbirda soʻzga chiqqan viloyat hokimining oʻrinbosari Botirjon Nurillayev. – Samarqandda “Ipak yoʻli" universitetining ish boshlashi shu maqsad yoʻlida tashlangan katta qadamdir. Bu dargoh turizm sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi". 

Universitetda oʻqish oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi, bakalavriatda Oʻzbekiston davlat taʼlim standartlari talablarini hisobga olgan holda ikkita chet tili – ingliz (fransuz, nemis) tili va Shanxay hamkorlik tashkilotining rasmiy tillaridan (rus, xitoy) biri oʻqitiladi.

2018/2019-oʻquv yilida universitet bakalavriatiga 125 talaba, jumladan, davlat granti boʻyicha 42 talaba qabul qilinishi belgilandi.

Ayni paytda oliy oʻquv yurtiga iqtisodiyot fanlari doktori Bahodir Toʻrayev vaqtincha rahbarlik qilmoqda. Universitet oʻqituvchilarining tarkibi toʻliq shakllantirilgunga qadar rektor oliy oʻquv yurtining vasiylik kengashi tomonidan saylanadi. Keyinchalik esa universitet ustavida belgilanadigan tartibda oʻqituvchilar tarkibi tomonidan yopiq ovoz berish orqali saylanadi.

“Ipak yoʻli" universitetida oʻqish 2 oktyabrda boshlanadi.