Xushxabar: ​respublikadagi yana 9ta OTMga qo‘shimcha kvotalar berildi


O‘zbekistondagi 9ta oliy ta`lim muassasasida 2018/2019 o‘quv yilgi o‘qish uchun xorijiy oliy ta`lim muassasalari bilan qo‘shma ta`lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha qabul kvotalari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligi Axborot xizmati ma`lumotiga tayangan holda  Kun.uz muxbiri ​xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, qo‘shimcha qabul kvotasi bo‘yicha o‘qish to‘lov-kontrakt asosida ​tashkil etilishi nazarda tutilgan bo‘lib, bular:

Toshkent davlat texnika universiteti – 75 ta (bakalavriat);

Andijon mashinasozlik instituti – 90 ta (bakalavriat – 80 ta, magistratura – 10 ta).

Toshkent davlat stomatologiya instituti – 60 ta (bakalavriat);

Toshkent kimyo-texnologiya instituti – 20 ta (magistratura);

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti – 10 ta (magistratura);

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti – 25 ta (bakalavriat);

Milliy rassomlik va dizayn instituti – 20 ta (bakalavriat);

Namangan muhandislik-texnologiya instituti – 60 ta (bakalavriat);

Namangan muhandislik-qurilish instituti – 60 ta (bakalavriat);

To‘lov-kontrakt asosida xorijiy oliy ta`lim muassasalari bilan qo‘shma ta`lim dasturlari asosida bakalavriat va magistraturaga abituriyentlardan hujjatlar 2018 yil 25 sentabrgacha qabul qilinadi. Kirish imtihonlari oliy ta`lim muassasalari tomonidan 2018 yil 28-30 sentabr kunlari o‘tkaziladi.

Qo‘shma ta`lim dasturlari asosida bakalavriat va magistraturaga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar uchun o‘qish istisno tariqasida 2018 yilning 
2 oktabridan boshlanadi. Kirish imtihonlari natijalari O‘zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Kirish sinovlari natijasi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida qo‘shma ta`lim dasturlarida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlarga to‘lov-kontrakt shartlarini bajarishning oxirgi muddati 2018 yil 31 oktabr etib belgilandi. Qo‘shma dastur doirasida ta`lim oladigan talabalar o‘qishi mazkur va respublikaning boshqa oliy ta`lim muassasalari ta`lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga o‘qishga ko‘chirilmaydi va tiklanmaydi. ​

Manba: kun.uz