O‘zbekistonda Rossiyaning tibbiyot universitetlari bo‘limlari ochilmoqda


O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova tibbiyot va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari hamda bu boradagi yangi loyihalarni muhokama qildilar, deb yozadi Minbar.uz.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining xabar berishicha, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va tibbiyot universitetlari o‘rtasida quyidagi kelishuvlarga erishilgan:

2019/2020-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda Ivan Sechenov nomidagi Moskva davlat tibbiyot universitetining filiali ochiladi.

Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamkorligida “Pediatriya ishi" va “Davolash ishi" ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma fakultet;

Rossiyaning Xalqlar do‘stligi universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorligida “Dermatovenerologiya" yo‘nalishida qo‘shma fakultet;

Orenburg davlat tibbiyot universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorligida “Davolash ishi" va “Klinik psixologiya" yo‘nalishida qo‘shma fakultetlar tashkil qilinadi.

Sankt-Peterburg pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali birgalikda oltita: “Akusherlik va ginekologiya", “Bolalar jarrohligi", “Travmatologiya", “Pediatriya", “Stomatologiya" va “Onkologiya" yo‘nalishlarida xalqaro fakultetlar tashkil qilishi ham ko‘zda tutilgan.

Rossiya tibbiyot universitetlarining O‘zbekistondagi filiallari ochilishi Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi doirasida o‘tkazilgan ta’lim forumida kelishib olingan edi. Forumda 130 ta shartnoma imzolangan, shulardan bir qismi, ya’ni 17 ta loyiha joriy yilda amalga oshiriladi.

2019 yilda O‘zbekiston va xorij davlatlari universitetlari hamkorligida 20 dan ziyod loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

"Bu yil rejalar juda katta. Birinchidan, Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekistonni ta’lim xabiga aylantirishni rejalashtirganmiz. Shundan kelib chiqib, xorijdagi elchixonalarimiz yordamida murojaatnomada prezidentimiz sanab o‘tgan davlatlar: Rossiya, Janubiy Koreya, Italiya, Hindiston, Turkiya va Germaniya bilan loyihalarni amalga oshirishni boshladik. Loyihalarning aksariyati tibbiyot sohasidagi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro standartlarga yetkazishga qaratilgan", – degan edi Xalqaro press klubning sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mavzusiga bag‘ishlangan sessiyasida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Dilshod Ahatov.