Toshkent davlat yuridik universitetiga yangi rektor tayinlandi


Toshkent davlat yuridik universitetiga Baxshillo Xo‘jayev rektor etib tayinlandi. U bungacha shu oliygohda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlagan.

Rasmiy ma’lumotlarda aytilishicha, Baxshillo Xo‘jayev 1982 yil 25 iyunda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Huquqshunoslik bo‘yicha oliy ma’lumotga ega, yuridik fanlar doktori, professor va 2-darajali adliya maslahatchisi hisoblanadi.

U 2004 yilda Toshkent davlat yuridik institutida bakalavriatni, 2006 yilda esa magistraturani tugatgan.

Mehnat faoliyati 2004–2005 yillarda «Mezon xususiy xizmati» advokatlik firmasida advokat yordamchisi sifatida boshlangan. 2006–2013 yillarda Toshkent davlat yuridik institutida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi va 2-Huquq fakulteti dekani o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2013–2014 yillarda Toshkent davlat yuridik universitetining Biznes huquqi kafedrasida dotsent vazifasini bajargan. 2014–2018 yillarda Yaponiyaning Nagoya universitetida qiyosiy huquqshunoslik bo‘yicha doktoranturada tahsil olgan.

Keyinchalik, 2018–2019 yillarda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutida bosh maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i va direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2019–2020 yillarda esa Adliya vazirligining Yuridik ta’lim va sud-ekspertiza faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

2020 yilda universitetning Biznes huquqi kafedrasi mudiri, 2020–2022 yillarda Xususiy huquq fakulteti dekani bo‘lib ishlagan.

2022 yil 12 maydagi buyruqqa ko‘ra, u Toshkent davlat yuridik universitetida ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor etib tayinlangan edi. Endi esa yangi qaror asosida universitetga rektor sifatida rahbarlik qiladi.