UIT da kirish imtihonlari bo'lib o'tdi


20-21 iyul kunlari Toshkent shahridagi Inha universiteti(IUT)ga 2017-2018 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi universitet axborot xizmati. Mazkur imtihonlarda 1,4 ming nafarga yaqin abituriyentlar ishtirok etishdi.

Yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti abituriyentlardan hujjat qabul qilishning yangi onlayn tizimini ishlab chiqdi. Mazkur tizim viloyatlardagi abituriyentlarga Toshkentga kelib o‘tirmasdan, hujjat topshirish imkonini yaratdi. Bundan tashqari abituriyentlar SMS-xabarnoma orqali qabul jarayonidagi barcha yangiliklardan boxabar bo‘lib turishdi.

Mazkur vaqt oralig‘ida IUTga 2490 nafar abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tib, ulardan faqat 1358 nafarigina barcha talablarga to‘liq javob berishdi. Abituriyentlarning 920 nafari «Kompyuter va dasturiy injiniring» yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish istagini bildirishgan bo‘lsa, 438 nafari «Logistika» yo‘nalishini tanlashdi.

2017-2018 o‘quv yilida IUT 400 nafar talabani qabul qilishni rejalashtirgan bo‘lib, ularning 300 nafari «Kompyuter va dasturiy injiniring» yo‘nalishiga hamda 100 nafari «Logistika» yo‘nalishiga qabul qilinadi.

Bunda yana shuni qayd etamizki, hozirning o‘zida 42 nafar abituriyentlar 2017 yilning 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan IUT ning Tayyorlov kurslari yakuniy imtihonlari natijasiga ko‘ra Toshkent shahridagi Inha universitetining talabalariga aylanishdi. Ularning 34 nafari «Kompyuter va dasturiy injiniring» yo‘nalishiga hamda 8 nafari «Logistika» yo‘nalishiga qabul qilindi. Shuningdek, ular grant o‘rinlarini egallash uchun kirish imtihonlarida ishtirok etish huquqiga ham ega edilar.

O‘tgan yili hujjat topshirgan abituriyentlarning umumiy soni 1,43 ming nafarni tashkil etgan bo‘lib, talabalar uchun ajratilgan kvota 330 ta edi.

IUTga kirish imtihonlari Toshkentdagi «O‘zko‘rgazmasavdo» AJ binosida bo‘lib o‘tdi. Barcha imtihon savollari Koreya Respublikasidagi Inha universiteti professorlari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, savolnomalar Koreya Respublikasidan yopiq konvertlarda keltirildi hamda bevosita imtihon olinayotgan zalda koreyalik ekspertlar tomonidan ochildi va abituriyentlarga tarqatildi.

Kirish imtihonlarini o‘tkazish jarayonini optimallashtirish maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti kirish imtihonlariga OMR Card System (optik belgilarni tanish) tizimini joriy etdi. Ushbu tizimdan ilk bor 2017-2018 o‘quv yili kirish imtihonlarida foydalanildi. Mazkur tizim imtihon varaqalarini baholash jarayonining samaradorligini va shaffofligini oshirish maqsadida joriy etildi.

Imtihonlar yakunlanishi bilan abituriyentlarning javoblari o‘rin olgan barcha savolnomalarni koreyalar mutaxassislar yig‘ib olishdi va baholash uchun o‘zlari bilan Koreya Respublikasiga olib ketishadi. Imtihon natijalari 2017 yilning 9 avgust kuni e’lon qilinadi.

Shuningdek, xohlaganlar IUT kirish imtihonlarini live.inha.uz sahifasi orqali kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Shuningdek, IUTning “Facebook" ijtimoiy tarmog‘idagi https://www.facebook.com/inha.uz rasmiy sahifasi orqali kirish imtihonlarining video-strimingi tashkil etildi.

Bu yil kirish imtihonlari jarayonlarini bevosita kuzatishlari uchun ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildi va ular uchun to‘liq imkoniyat yaratildi. Bu esa o‘tkazilayotgan imtihonlarning shaffofligi hamda ochiqligini ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan namoyish etilishiga xizmat qildi.

Manba: fayzbog.uz