Adliya vazirligi Oliy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Milliy reyting Ta’lim sifatini ta’minlash agentligi tomonidan yuritiladi hamda davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari 4 ta asosiy toifa bo‘yicha baholanadi.
Nizomga muvofiq, oliy ta’lim tashkilotlari quyidagi yo‘nalishlar kesimida milliy reytingga kiritiladi:
- amaliy fanlar;
- tibbiyot fanlari;
- ijtimoiy-gumanitar fanlar;
- ijod (sport).
Belgilangan tartibga ko‘ra, har yili 1 noyabrga qadar o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha milliy reyting natijalari e’lon qilinadi.
Shuningdek, har yili 1 iyunga qadar talabalar, professor-o‘qituvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida umummilliy so‘rovnoma, shu bilan birga xalqaro ekspertlar ishtirokida xalqaro obro‘ni baholashga qaratilgan so‘rovnoma o‘tkaziladi.
Milliy reytingni hisoblashda jami 25 ta indikator qo‘llaniladi. Ularning 5 tasi umummilliy so‘rovnoma natijalari asosida aniqlanadi. So‘rovnoma natijalari inobatga olinishi uchun oliy ta’lim tashkilotidagi talabalar va professor-o‘qituvchilarning kamida 20 foizi ishtirok etishi talab etiladi.