Texnikum bitiruvchilari suhbat asosida imtihonsiz talaba bo‘lishi mumkin


Texnikum bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat asosida qabul qilinishi mumkin.

Amaldagi tartibga ko‘ra, texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining 2-bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Buning uchun talabgorlar my.edu.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tish muddati 5-iyuldan 25-iyulgacha davom etadi.

Mazkur imtiyoz baholarining kamida 50 foizi “5”, ya’ni a’lo bo‘lgan texnikum bitiruvchilariga nisbatan qo‘llaniladi. Tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha esa talab yanada yuqori bo‘lib, bitiruvchining baholaridan kamida 85 foizi “5” bo‘lishi kerak.

Imtiyoz texnikumni tamomlagan kundan boshlab 2 yil davomida amal qiladi.

Qabul jarayonida talabgorlar bilan yakka tartibdagi suhbat o‘tkaziladi. Suhbat davomida ularga 4 ta savol beriladi. Maksimal ball 100 ballni tashkil etadi, o‘tish bali esa 67 ball etib belgilangan.

Hujjatlar 5-avgustga qadar ko‘rib chiqiladi. Natijalar abituriyentning shaxsiy kabinetida e’lon qilinadi.

Ushbu tartib barcha oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi. Jumladan, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari, Toshkent davlat yuridik universiteti, shuningdek, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalari mazkur tartibdan mustasno.

Texnikum bitiruvchilari hujjat topshirishdan oldin baholari, bitirgan sanasi va tanlayotgan oliy ta’lim muassasasiga ushbu tartib tatbiq etilishini tekshirib olishi lozim.