Yaponiyadagi OTMga kirish imtihonlarida ChatGPT eng yuqori natijani qayd etdi


Amerikaning OpenAI kompaniyasi ishlab chiqqan ChatGPT chatboti Yaponiya universitetlariga kirish test sinovida 9 ta fan bo‘yicha maksimal ball to‘pladi.

Tokioda joylashgan LifePrompt kompaniyasi o‘tkazgan tajribada generativ sun’iy intellekt modellarining universitetga kirish imtihonlari darajasidagi savollarga javob berish qobiliyati baholandi.

Tadqiqot davomida ChatGPT, Gemini va Claude Opus modellari o‘zaro taqqoslandi. Natijalarga ko‘ra, ChatGPT 15 ta fan ichidan 9 tasida eng yuqori ballni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ChatGPT javoblarining o‘rtacha aniqligi 97 foizni tashkil etgani qayd etildi.

Eng yuqori ko‘rsatkichlar matematika, informatika, kimyo, fizika, biologiya asoslari, shuningdek siyosat va iqtisodiyot yo‘nalishlarida kuzatildi.

Boshqa modellar natijasi ham e’tiborga molik:

  • Claude Opus modeli 3 ta fandan maksimal ball oldi

  • Gemini modeli esa 2 ta fan bo‘yicha yaxshi natija ko‘rsatdi

Shu bilan birga, ChatGPT eng past natijani yapon tili fanidan qayd etdi. Unda to‘g‘ri javoblar ulushi 90 foiz bo‘lgan. Tadqiqotchilar buni adabiy matnlarda qahramonlarning hissiy holati va xatti-harakat motivatsiyasini talqin qilish murakkabligi bilan izohladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiya abituriyentlari har yili milliy va ayrim xususiy oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishda ushbu imtihonlarda qatnashadi va fanlarni o‘zlari tanlaydi. Joriy yilda mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan ikki kunlik testlarda taxminan 500 ming nafar abituriyent ishtirok etgan. Imtihon natijalari esa 813 ta universitet, institut va kollej tomonidan saralash jarayonida qo‘llaniladi.

Shuningdek, Tokio universitetining raqobatli “Human Sciences I” yo‘nalishi uchun odatda tanlanadigan fanlar bo‘yicha ChatGPT 97 foizlik natija ko‘rsatgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilda 66 foiz, 2025-yilda 91 foiz bo‘lgani ham qayd etildi. LifePrompt kompaniyasi esa 2024-yildan buyon generativ sun’iy intellekt modellarini muntazam sinovdan o‘tkazib kelmoqda.