Shuhrat Gʻaniyev: Abituriyentlar uchun barcha sharoitlar yaratiladi


Test sinovlari bo‘lib o‘tadigan Farg‘ona, Marg‘ilon Qo‘qon shaharlari va So‘x tumanlaridagi stadionlarda tayyorgarlik bosqichi so‘ngi pallaga kirdi.


Joylarda abituriyentlarning xavfsizligini ta’minlash, test topshiriqlarini to‘la-to‘kis bajarish uchun kerakli bo‘lgan shart-sharoitlar yaratib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev viloyatdagi oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlariga tayyorgarliklar bilan yaqindan tanishdi, mavjud holatlar, bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar xususida maslahat, yo‘l-yo‘riqlar berdi.

Farg‘ona davlat universitetining sport sog‘lomlashtirish majmuasida test sinovlarini o‘tkazish ishlariga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 1300 nafar abituriyentning test topshirishlari uchun sharoitlar yaratilgan. Viloyat hokimi abituriyentlarning sog‘lomlashtirish markaziga kirishi, dizinfeksiya yo‘laklari, tibbiy niqob va qo‘lqop, soyabonli bosh kiyimlari bilan ta’minlash hamda antiseptik vositalaridan foydalanish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.


- Bu yilgi test sinovlarida Farg‘ona viloyatidan 134 ming nafardan ortiq abituriyentlarning ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda.Test sinovlari markaziy stadionlarda bo‘layotganini inobatga olib abituriyentlarga zarur sharoitlar yaratish har jihatdan muhim. Test sinovlari ijtimoiy masofa saqlagan holda hamjihatlik, uyushqoqlik bilan o‘tkazilishi shart. Bu ishlarga har bir hokim, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, favqulotda holatlar boshqarmasi rahbarlari shaxsan mas’ul bo‘lishlari talab etiladi. Hududlarda abituriyentlarni test sinovlariga olib kelish, yashash joylariga olib borib qo‘yish uchun 1500 dan ortiq maxsus avtobuslar ajratildi,-dedi viloyat hokimi.


Hokim test jarayonlarni videokuzatuv ositida onlayn translyasiya qilib, to‘liq shaffoflikni ta’minlash, kuzatish istagida bo‘lgan ota-onalar, yaqinlar uchun qulay shart- sharoitlar yaratish muhim ekanligini ta’kidladi. Barcha mas’ullarga abituriyent va ularning yaqinlari uchun yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar haqida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishga e’tibor qaratishlari zarurligini uqtirdi. Chunki, test sinovlariga oz fursat qoldi.

Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati.