“Sening joying Qo‘yliqda emas”. Mardikorlikka chiqib hayoti tubdan o‘zgarib ketgan navoiylik talaba yigit hikoyasi


“Daryo" “Yaxshilik" loyihasi doirasida hayotiy hikoyalarni taqdim etishda davom etadi. Navbatdagi hikoya yaxshilik sabab talaba yigitning hayoti butunlay ijobiy tomonga o‘zgarib ketgani haqida. 

Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra uning ism-sharifi oshkor etilmadi.

Navoiy viloyatidanman. 2019-yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kirdim. Oilaviy sharoitim tufayli xarajatlarimni qoplash uchun ishlashga to‘g‘ri keldi. Ish qidira boshladim, ammo qayerga bormay “student kerak emas" deb qaytaraverishdi. Qancha harakat qilmay tayinli ish topa olmadim. Oxiri mardikorlikka chiqishga qaror qildim.

O‘sha kuni ertalabdan yomg‘ir yog‘gandi. Bunday ob-havo sabab kunlik ishlarning narxi oshardi, ammo ishga olib ketuvchilar ham shunga yarasha ko‘p bo‘lmasdi. Bir payt oldimizga Spark kelib to‘xtadi. “80 ming so‘m beraman, yerto‘lani tozalash kerak" dedi va ish joyining suratini ko‘rsatdi. Ochig‘i, ish bu narxga arzimasdi, ya’ni bu yumushni bajarish uchun ko‘proq pul to‘lanishi kerak aslida. Biroq ishni hech kim olmadi. Qaytib ketishga pulim yo‘qligi uchun men rozi bo‘lib qo‘ya qoldim.

Mahmud aka (meni ishga olib ketgan odam) shinavanda, ustiga-ustak iqtisodchi, Kanadada firmasi bor ekan. Tezda chiqishib ketdim. To‘ytepagacha O‘zbekiston iqtisodiyoti haqida suhbatlashib ketdik.

Manzilga yetgach, tezda ish boshladim. Mahmud akaning men bilan suhbatlashgisi keldi, shekilli, yonimga kelib yordam berishga kirishib ketdi. Gaplashib, qanday ishni tugatganimizni bilmay qoldik. Gap bilan bo‘lib, soat 21:00 bo‘lganini sezmabman ham. Mahmud akaga yotoqxonaga 22:00 dan keyin kirgizmasligini, tez ketishim kerakligini aytdim. Aka esa uyda bir o‘zi ekanini va oilasi Kanadada yashashini aytdi. Agar xohlasam bir kecha qolishim va ertalab shu yerdan o‘qishga ketishim mumkinligini aytdi.

Shunday qilib, Mahmud akanikida qoladigan bo‘ldim. Tun yarmiga qadar suhbatlashib o‘tirdik. O‘sha kuni kitoblardagidan ko‘p bilimga ega bo‘ldimki, menga endi ishlagan pulim ham kerak emasdi. Ammo moddiy sharoitim bunga yo‘l qo‘ymasdi.

Tong otdi. Ertalab uydan chiqib ketayotgan vaqtim Mahmud aka qo‘limga bir bog‘lam ming so‘mlik pul tutqazdi va “Kechgacha ishlaganing uchun mana 100 ming so‘m. Pulni sanama, o‘zimga to‘g‘ri odamman" dedi. Shu sabab pulni sanamay, minnatdor bo‘lib, uydan chiqib ketdim. Yotoqxonaga yetib borib, pulni sanamoqchi bo‘ldim. Qarasam, ikkita 100 dollarlik pul qatlab qo‘yilgan ekan. Bitta ming so‘mlikka esa “Sening joying Qo‘yliqda emas, o‘qi" deb yozilgan edi.

Ochig‘ini aytsam, o‘sha puldan qiynalib yurgan paytlarim o‘qishni tashlab Rossiyaga ketmoqchi edim. Agar Mahmud aka menga yordam bermaganida hozir Rossiyaning qaysidir o‘rmonida ishlab yurgan bo‘larmidim, bilmayman. Ular bergan pulga uch oy davomida ingliz tili kurslariga qatnadim. Ishga joylashdim. Birgina uchrashuv sabab hammasi o‘zgarib ketdi.

Rahmat sizga, Mahmud aka!

Xonzodabegim A’zamova yozib oldi.

Manba: Daryo.UZ