Faoliyati tugatilgan oliy harbiy ta’lim muassasasi diplomini qanday tasdiqlatish mumkin?


SAVOL: Men 2005-yilda harbiy bilim yurtini tugatganman. Hozirda attestatsiyadan o‘tish jarayonida diplom.edu.uz platformasi orqali ma’lumotlarimni kiritdim. Ammo men o‘qigan oliygoh faoliyati tugatilgan. Bunday holatda diplomimni kim tasdiqlaydi va qayerga murojaat qilishim kerak?

JAVOB: Diplom ma’lumotlarini tasdiqlatish va diplom.edu.uz ma’lumotlar bazasiga kiritish uchun quyidagicha murojaat qilinadi:

  • Oliy harbiy ta’lim muassasasi bitiruvchisi o‘zi bitirgan oliy harbiy ta’lim muassasasiga murojaat qiladi.

  • Faoliyati tugatilgan oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisi ushbu muassasaning huquqiy vorisi etib belgilangan oliy ta’lim muassasasiga murojaat qiladi.

  • Butunlay tugatilgan oliy harbiy ta’lim muassasasi bitiruvchisi muassasa bo‘ysungan yuqori turuvchi tashkilotga, ya’ni tegishli vazirlikka murojaat qiladi.

Ma’lumot uchun: Hozirda diplom ma’lumotlarini raqamlashtirish uchun diplom.edu.uz ma’lumotlar bazasi shakllantirilmoqda. Bu jarayonda fuqarolarning ham ariza topshirish imkoniyati bor.

  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi qo‘shma qarori bilan “Diplom ma’lumotlarini qo‘shish yoki tahrirlash uchun ariza yuborish” bo‘yicha nizom tasdiqlangan.

  • Fuqarolar arizani my.gov.uz (YIDXP) orqali yuborishi mumkin.

  • Ariza 15 ish kunida tegishli OTM tomonidan ko‘rib chiqiladi va diplom ma’lumotlari tasdiqlanadi.

Muhim: Ushbu Nizom harbiy oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.