Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulligi hamda Finlyandiyaning “FinEst Bay Area" va “Edunation Finland" kompaniyalari hamkorligida O‘zbekiston – Finlyandiya ta’lim transformatsiyasi bo‘yicha onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Finlyandiya delegatsiyasining 8-13-aprel kunlari mamlakatimizga amaliy tashrifi davomida ta’lim sohasi bo‘yicha bo‘yicha amalga oshirishga rejalashtirib olingan loyihalar ijrosi muhokama qilindi.
Xususan, tashrifning ilk amaliy natijasi sifatida Samarqand davlat universiteti va Finlyandiyaning Turku universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, SamDU qoshida O‘zbek-fin pedagogika instituti tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvni kirish so‘zi bilan ochib bergan ta’lim inspektsiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbaev O‘zbekistonda ta’lim sifati samaradorligini oshirish hamda Finlyandiya tajribasini joriy etishda amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari uchun minnatdorchilik bildirar ekan, bu boradagi ishlar kelajakda izchil davom ettirilishini ta’kidladi.
– O‘tgan qariyb olti oy mobaynida Finlyandiya ta’lim tizimi, amaldagi o‘quv dasturlari, darsliklar, pedagoglar tayyorlash hamda dars o‘tish metodikalarini o‘rganish natijasida kelgan xulosalarimizdan biri ta’lim sifati o‘qituvchi sifatidan oshib keta olmasligi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ham aynan o‘qituvchining jamiyatdagi mavqeyini va kasb jozibadorligini oshirish, ularning pedagogik mahoratini yaxshilash asosiy strategik vazifa sifatida belgilanganligi bizning to‘g‘ri yo‘lni tanlaganimizdan dalolat bermoqda.
Bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda Finlyandiya bilan pedagoglarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik aloqalarini muntazam kengaytirib borishdan manfaatdormiz. Tashrif natijasi o‘laroq Turku universiteti va Samarqand davlat universiteti o‘rtasida memorandum imzolangan bo‘lsa, Buxoro davlat universiteti, Qo‘qon universiteti va Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika universiteti ham bu borada hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish ustida ish olib bormoqda. Bunday qisqa fursatlarda mana shunday amaliy natijalarni qo‘lga kiritilishida tashabbus ko‘rsatayotgan Fin mutasaddilariga hamda hamyurtlarimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, – dedi Ta’lim inspektsiyasi boshlig‘i.
Tadbir davomida “FinEst Bay Area" asoschisi Peter Vesterbaka va “Edunation Finland" hammuassisi Ҳarri Suominen O‘zbekiston va Finlyandiya ta’lim tizimidagi imkoniyatlar bo‘yicha taqdimot qildi.
Ta’kidlanishicha, 2025 yilga qadar Finlyandiya bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ta’lim loyihalarga jalb etiladigan talabalar soni 10 000 nafar yetkazilishi mo‘ljallanmoqda. Mazkur natijaga asosan, qo‘shma ta’lim dasturlari va boshqa loyihalar orqali erishilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birgalikda, O‘zbekistonda Finlyandiya oliy ta’lim muassasalari filiallarini ochish imkoniyatlari o‘rganib chiqiladi.
Muzokaralarda shuningdek, mamlakatimizda Finlyandiya dasturi asosida pedagoglarni tayyorlash bo‘yicha ham ham loyihalar amalga oshirilishi ta’kidlandi.
– Finlyandiya ta’lim tizimi bo‘yicha dunyoning eng ilg‘or mamlakatlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston ham bu yo‘lda jadal odimlamoqda. Bunda esa boshqa yo‘nalishlar qatorida pedagoglarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan mazkur yo‘nalishdagi loyihalardan biri sifatida Samarqand davlat universiteti bilan Turku amaliy fanlar universiteti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini misol keltirilishimiz mumkin. Bu kabi loyihalar yana muntazam yo‘lga qo‘yib boriladi, – dedi “FinEst Bay Area" asoschisi Peter Vesterbaka.
O‘z navbatida Turku universitetining ta’lim va ta’lim tuzilmalarini rivojlantirish bo‘yicha rektor o‘rinbosari Piiya Byorn Peter Vesterbakaning fikrlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirar ekan, Samarqand davlat universiteti bilan yo‘lga qo‘yiladigan hamkorlik yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.
– Ta’lim sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash biz uchun eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Zero o‘qituvchilar nafaqat, ta’lim balki farovonlik elchilari hamdir. Biz mazkur yo‘nalishda Samarqand davlat universiteti bilan maktabgacha ta’lim va maktab o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga tayyormiz, – dedi Piiya Byorn.
Imzolangan memorandumga ko‘ra Samarqand davlat universitetida talabalar uchun finlyandiyalik mutaxassislar tomonidan ma’ruzalar, konferentsiyalar o‘quv dasturlari va qisqa ta’lim kurslari bilan bir qatorda o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturi ham yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birgalikda, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar va ilmiy xodimlar almashinuvi va qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, Turku universiteti Finlyandiyaning eng yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanib, QS 2021-reytingida 287-o‘rinni egallagan. Bugungi kunda universitetda 20 000 nafardan ortiq talaba 8 ta yo‘nalish bo‘yicha tahsil oladi.