Vengriya universitetida o‘zbek tili kurslari ochiladi


O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Segeda universitetida o‘zbek tili kurslarini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

“Dunyo” AA xabar qilishicha, O‘zbekistonning Budapeshtdagi elchixonasi diplomatlari Vengriyaning Segeda universiteti prorektori, professor Zoltan Konya bilan muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda professor Zoltan Konya 2026 yil mart oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston–Vengriya rektorlar forumi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilishicha, mazkur forum ta’lim sohasidagi ikki davlat hamkorligini mustahkamlash va yangi uzoq muddatli loyihalarni shakllantirish uchun muhim platforma bo‘ladi.

Vengriya tomoni akademik aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma ta’lim va tadqiqot tashabbuslarini amalga oshirish hamda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bilan almashinuv dasturlarini kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Muloqot davomida Buxoro davlat pedagogika instituti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum loyihasini ishlab chiqish hamda Segeda universitetida o‘zbek tili kurslarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada chuqurlashtirish maqsadida konstruktiv muloqot va amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.