Samarqand viloyatidagi bir qator oliy ta’lim muassasalari qayta tashkil etiladi. Bu Prezidentning 2026-yil 26-maydagi tegishli qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti negizida Samarqand davlat texnika universiteti tashkil etiladi.
Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali Samarqand davlat universitetiga qo‘shib olinadi.
Samarqand davlat universitetining Urgut filiali esa Samarqand davlat pedagogika institutiga qo‘shiladi. Mazkur filial bazasida Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Samarqand filiali Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga qo‘shib olinadi.
Qayta tashkil etish jarayonida talabalar o‘qishini davom ettiradigan oliy ta’lim muassasalari ham belgilandi.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti talabalari o‘qishini Samarqand davlat texnika universitetida davom ettiradi.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali hamda Samarqand davlat universiteti Urgut filialining Biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakulteti talabalari Samarqand davlat universitetida tahsilni davom ettiradi.
Samarqand davlat universiteti Urgut filialining Pedagogika va tillarni o‘qitish fakulteti talabalari esa Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakultetida o‘qishni davom ettiradi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali talabalari Samarqand iqtisodiyot va servis institutida tahsil oladi.
O‘qish yakunida talabalarga belgilangan tartibda ular o‘qishini davom ettirgan oliy ta’lim tashkilotlarining diplomi beriladi.
Shuningdek, Samarqand davlat universiteti Urgut filiali Biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakultetida 2025/2026-o‘quv yilida tahsil olayotgan talabalar uchun alohida sharoit yaratiladi. Ular o‘qishni tugatguniga qadar Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakulteti binosida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.