O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorida belgilab o‘tilgan.
Prezident qarorida quyidagilar universitetning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:
- veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya, agroiqtisodiyot tarmoqlari uchun oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash;
- zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish;
- o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, veterinariya klinikasi, o‘quv va ilmiy laboratoriya, o‘quv-tajriba xo‘jaligi, ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida nazariy bilim hamda amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
- ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish;
- yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish;
- o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil ta’lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;
- sohadagi ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi olimlarini Universitetda tahsil olayotgan iqtidorli talabalarga biriktirgan holda, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash;
- Universitetning yuqori bosqich talabalari hamda ilmiy izlanuvchilarining ilmiy-tadqiqot institutlari laboratoriyalarida faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish;
- tasarrufidagi ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
Qaror ilovasida Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Boshqaruv kengashi tasdiqlangan.
Boshqaruv kengashiga universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan shartnoma asosida malakali mutaxassislar jalb qilish, Universitet huzurida budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan tarkibiy tuzilmalar, tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar uchun ta’lim davomiyligi muddatlarini belgilash, ta’lim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilash va joriy etish vakolati berilmoqda.
Universitet veterinariya meditsinasi, veterinariya va sanitariya ekspertizasi, veterinariya diagnostikasi va laboratoriya ishlari, veterinariya farmatsevtikasi, zooinjyeneriya, veterinariya biotexnologiyasi, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlovchi tayanch davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tizimida faoliyat yuritadi;
Universitet huzurida xo‘jalik hisobida faoliyat yurituvchi Veterinariya klinikasi va kasalliklar diagnostikasi texnoparki ) tashkil etiladi.
Ushbu texnoparkda veterinariya laboratoriya-diagnostika va profilaktika-davolash klinikasi, sun’iy urug‘lantirish va naslchilik-seleksiya markazi, chorvachilik xo‘jaliklari va aholi xonadonida parvarishlanayotgan hayvonlar uchun ozuqa yetishtirish, jamg‘arish va tayyorlash bo‘yicha ularga amaliy yordam ko‘rsatadigan maslahat markazi faoliyat ko‘rsatadi.
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Qamashi xizmat ko‘rsatish texnikumi negizida mazkur universitetning Qamashi veterinariya meditsinasi texnikumini tashkil etiladi.