Samarqand davlat universiteti transformatsiya qilinadi


Prezident tomonidan 13 yanvar kuni “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yana-da takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaror imzolandi. Hujjat O‘zAda eʼlon qilingan.

Samarqand davlat universitetiga atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov nomi berildi. O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar doirasida hamda ilmiy-texnologik va ijtimoiy rivojlantirish, raqobatbardosh ilmiy va pedagogik kadrlar tayyorlash maqsadida SamDUda Transformatsiya ofisi tashkil etiladi. U quyidagilar uchun masʼul etib belgilandi:

  • Universitetni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish hamda 2026 yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatga kiritish;
  • Universitet faoliyatini raqamlashtirish hamda taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish;
  • Universitetni tanitish bo‘yicha milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet tarmog‘i va boshqa vositalar orqali targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2022-2025 yillarda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetini kompleks rivojlantirish dasturi;
  • SamDUni 2025 yilga qadar rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
  • SamDUni mutaxassislik kafedralarini ilmiy-tadqiqot muassasalari, tarmoq korxonalari va tashkilotlariga biriktirish jadvali.

Universitet tarkibida quyidagilar tashkil etildi:

  • agronomiya, biotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida kadrlar tayyorlovchi Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti;
  • muhandislik, avtomatika, mexatronika, robototexnika, raqamli elektronika, elektrotexnika, mashinasozlik, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi sohalarida kadrlar tayyorlovchi Muhandislik fizikasi instituti;
  • pedagogika, axborot texnologiyalari va hududda kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa sohalarda kadrlar tayyorlovchi Universitetning Urgut filiali. 

Quyidagilar Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filialning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qo‘shma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
  • o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;
  • ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish tashkilotlarining muammolarini yechishga qaratilgan ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish va boshqalar.

Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filialda taʼlim faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi hamda o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida olib boriladi.

Faoliyatni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlar, jumladan, bino va inshootlarni taʼmirlash va jihozlash – Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.