Shavkat Mirziyoyev ta'lim mavzusidagi selektorda viloyat hokimlariga 1 oktyabrgacha texnikumlarda pedagoglar tarkibi va moddiy ta'minot masalalarini hal qilib, ularni to‘liq ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berdi.
“Men nega qayta-qayta ta'kidlayapman? Ta'lim, ta'lim, ta'lim! Agar maktab ta'limini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olmasak, oliy ta'lim sifati ham ko‘ngildagidek bo‘lmaydi.
Zamonaviy texnologiyalar sohasida yetakchi mutaxassislar katta maosh olishyapti, daromad qilishyapti. Mana mening maqsadim!
Bugungi kunda har bir hududda jami 100 ta ixtisoslashgan ay-ti maktab faoliyatini boshladi. Kelgusi ikki yilda ularning soni 205 taga yetkazilib, 30 mingdan ziyod o‘quvchilar raqamli texnologiyalarga chuqurlashgan holda o‘qitiladi.
Yana bir masala – joriy yil 1 oktyabrdan boshlab barcha hududlarda 14 ta ayti-texnikumlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerak.
Texnikumlarda dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi, telekommunikatsiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 8 mingga yaqin o‘quvchi tahsil oladi.
Viloyat hokimlari 1 oktyabrga qadar texnikumlarda pedagoglar tarkibi va moddiy ta'minot masalalarini hal qilib, ularni to‘liq ishga tushirish bo‘yicha ikki kun muddatda kafolat xati yozib bersin.
Sohada yoshlarni o‘qitish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosida yangicha tizim joriy etiladi. Buning uchun, Aloqabank tomonidan ustavi 80 milliard so‘m bo‘lgan venchur jamg‘armasi va ayti-bilimlarni rivojlantirish markazi tashkil etiladi.
Ushbu markazda, kelgusi besh yilda 100 ming nafar yoshlarga dasturiy ta'minot, mobil ilovalar, tarmoq administratori kabi yo‘nalishlar bo‘yicha professional ta'lim beriladi.
Hozirda 151 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi faoliyat yuritib, ularda joriy yilda 27 mingdan ortiq tinglovchilar o‘qitilmoqda. Bu markazlarda tahsil olgan 10 ming bitiruvchi frilans yo‘nalishida, 500 ga yaqin yoshlar startap jamoalarda yangi loyihalarni amalga oshirmoqda.
Kelgusida ushbu markazlar faoliyatini takomillashtirib, turli kasb ehtiyojlari uchun ayti-ko‘nikmalar beradigan maskanga aylanishtirish kerak.
Yana bir masala – Qorako‘l xalqaro matematika maktabi negizida ayti-klaster tashkil etish bo‘yicha yangi loyihani boshlaymiz. Bu hududda raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan alohida oliygoh, ayti-park va yoshlar shaharchasi barpo etiladi.
Shu orqali, sohada ta'limdan ishlab chiqarishgacha bo‘lgan yaxlit zanjir yaratiladi. Bir oy muddatda yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, Qorako‘l ayti-klasteri konsepsiyasini taqdimot qilinsin", – dedi prezident yig‘ilganlarga qarata.