“Poytaxtdagi 85 ta talabalar uyi atigi 13 foiz yoshlarni turar joy bilan ta’minlash imkoniyatiga ega” – Shavkat Mirziyoyev


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarining talabalar turar joylariga e’tibor qaratish zarurligini qayd etdi.

“So‘nggi to‘rt yil mobaynida oliygohlar soni 47 taga ortib, bugungi kunda 129 ta oliy o‘quv yurtida 500 mingdan ortiq talaba ta’lim olmoqda. Lekin birgina poytaxtdagi 85 ta talabalar uyi atigi 13 foiz yoshlarni turar joy bilan ta’minlash imkoniyatiga ega. Yoki 18 ming nafar talaba tahsil olayotgan Samarqand davlat universitetida bor-yo‘g‘i 1 ming 600 o‘rinli yotoqxona mavjud", – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, moliya hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirlari viloyat hokimlari bilan birga bir oy muddatda 2021–2023-yillarda “Talabalar uylari" tashkil etish dasturini hukumatga kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.

Avvalroq Prezident Toshkent shahrida 77 mingta vakant ish o‘rinlari mavjud, shundan 45 mingtasiga oliy ma’lumot talab etilmasligi, tuman sektor rahbarlari haftaning ikki kunini faqat yoshlar muammolarini hal etishga ajratishini hamda O‘zbekistondagi 18-30 yoshlilar orasidagi rasmiy ishsizlar sonini ma’lum qilgandi.