OʼzMUning ikki kafedrasi negizida psixologiya universiteti tashkil etilishi kutilmoqda


Oʼzbekiston milliy universitetining “Psixologiya" va “Sotsiologiya" kafedralari negizida Oʼzbekiston davlat psixologiya universitetini tashkil etiladi. Bu haqda “Аholiga psixologik xizmat koʼrsatish va psixologiya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi prezident qarori loyihasida aytilgan. 

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida 19 dekabrь kuni yoyinlangan qaror loyihasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Qayd etilishicha, universitet psixologiya sohasi uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda oliy taʼlim muassasalari huzuridagi aholiga psixologik hizmat koʼrsatish markazlariga metodik yordam koʼrsatish boʼyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Loyihada universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʼnalishlari etib quyidagilar belgilangan:

  • psixoprofilaktika, psixodiagnostika, psixokorrektsiya, psixologik maslahat, psixoterapiya kabi sohalarida kasbiy bilim, malaka va kompetentsiyalarga ega yuqori malakali va zamonaviy fikrlovchi, mehnat bozori uchun raqobatbardosh boʼlgan oliy maʼlumotli kadrlarni xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq tayyorlash;
  • zamonaviy taʼlim dasturlari va shakllarini ishlab chiqish va joriy etish, oʼquv jarayoniga ilgʼor pedagogika va axborot texnologiyalarini hamda fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini qoʼllash, ilmiy-pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qoʼllab-quvvatlash;
  • psixologiya sohasida taʼlim, ilm-fan va amaliyotning uzviy integratsiyalashuvi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarga iqtidorli talabalarni keng jalb qilish, ularni samarali ragʼbatlantirish mexanizmlarini joriy etish;
  • psixologiya sohasida professor-oʼqituvchilarning respublika hamda xorijiy mamlakatlarda stajirovka oʼtash va ularning malakasini oshirish ishlarini muntazam tashkil etish;
  • oliy taʼlim, halq taʼlimi, maktabgacha taʼlim tizimidagi psixologlar faoliyatini, oliy taʼlim muassasalarida tashkil etiladigan axoliga psixologik xizmat koʼrsatish markazlari faoliyatini metodik qoʼllab-quvvatlash;
  • xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda respublika uchun istiqbolli boʼlgan yangi yoʼnalishlar va mutaxassisliklar boʼyicha qoʼshma taʼlim dasturlarini yoʼlga qoʼyish hamda xalqaro loyihalarni amalga oshirish.

Loyihada qayd etilganidek, universitetda oʼquv jarayoni 2021/2022 oʼquv yilidan boshlanadi. Davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanmish mazkur universitetni bitirgan mutaxassislardan 5 yil ishlab berish talab etiladi.

Qaror loyihasi muhokamasi 2021 yil 3 yanvariga qadar davom etadi.