O‘zDJTSUda sport texnologiyalarini ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi


Xabaringiz bor joriy yilning 3 mart kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida Belarus Respublikasi delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va Belarus Respublikasining Milliy texnika universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish borasida qator hamkorlik shartnomalari imzolangandi.

Mazkur hamkorlik shartnomasiga asosan joriy yilning 23 aprel kuni Belorus milliy texnika universiteti rektori Xaritonchik Sergey Vasilevich boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga amaliy tashrif buyurdi.

Mehmonlarni universitet rektori, professor Maxmudjon Boltabayev kutib oldi.

Shundan so‘ng universitet jamoasi va mehmonlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Belorus milliy texnika universiteti rektori Xaritonchik Sergey Vasilevich, Muhandislik ta’limini rivojlantirish va o‘quv jarayonini tashkil etish markazi rahbari Sidorov Sergey Alekseyevich, Xalqaro hamkorlik va tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘limi boshlig‘i Shirvel Pavel Ivanovich, Xalqaro hamkorlik va tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Yablonskaya Anna Vladimirovna, Sport-texnika fakulteti "Sport muhandisligi" kafedrasi mudiri Vasyuk Valeriy Yevstafyevich, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetidan universitet rektori professor Boltabayev Maxmudjon Rustamovich, prorektorlar Axmedov Ikrom Akromovich, Bayazitov Kamil Faritovich, Mirzanov Sherzod Sirliboyevich, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori Matkarim Rashid Masharipovich, Magistratura bo‘limi boshlig‘i Musayev Baxrom Baxtiyorovich hamda “Jismoniy tarbiya, sport va turizm" O‘zbek-Belarus qo‘shma fakultetining dekani Asatova Gulsara Rashidovna ishtirok etdi.

Uchrashuvda Belorus milliy texnika universiteti va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o‘rtasida hamkorlik tamoyillari muhokama qilini.

Xususan, imzolangan hujjatga muvofiq, bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 2 + 2 va magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 1 + 1 qo‘shma ta’lim dasturi asosida “Sport texnologiyalarini ta’minlash" yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvlarga erishdi hamda mazkur yo‘nalishga talabalarni qabul qilish tartibi, davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalar tasdiqlandi.

Shuningdek, qo‘shma innovatsion loyihalar, ilmiy-tadqiqot dasturlarini tashkil etish va amalga oshirish, seminar va ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish, Belorus milliy texnika universitetida professor-o‘qituvchilar va talabalarning stajirovka o‘tashi, shuningdek, ta’lim, ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash kabi asosiy yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Tadbir davomida tomonlar bir-birlariga esdalik sovg‘alari, tabriklar va fotosuratlarni taqdim etishdi.

Shundan keyin, tadbirning ikkinchi qismida rektor Xaritonchik Sergey Vasilevich Belorus milliy texnika universiteti to‘g‘risida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi.

Uchrashuv faqatgina kelishuvlarni imzolash bilan chegaralanmadi. Mehmonlar universitetda talabalar va professor-o‘qituvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishtirilib, talabalar madaniyat saroyi, sport zallari, kutubxona, universitet yutuqlari haqida ma’lumotlar berildi.

O‘zDJTSU matbuot xizmati