Bu talabalarga oylik ijara to‘lovlarini qoplab berishda oliy o‘quv yurtlariga qulaylik yaratishi mumkin.
Davlat soliq qo‘mitasining xabar qilishicha, endi talabalar bilan tuzilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini ham E-ijara interaktiv xizmatida hisobga qo‘yish mumkin.
Buning uchun bir nechta bosqichni bajarish lozim:
Ijaraga beruvchi ijara.soliq.uz saytiga kirib, "Ijaraga oluvchi to‘g‘risida ma'lumot" oynasiga ijaraga oluvchi talabaning JShShIRini kiritganda talabaga oid ma'lumotlar (F.I.O, ta'lim olayotgan o‘quv yurti, fakulteti, ta'lim shakli va bosqichi, shuningdek, doimiy ro‘yxatga olingan manzili) avtomatik shakllanadi;
- “Telefon raqami" qatoriga ijaraga oluvchi talabaning telefon raqami kiritilib, “Tasdiqlash kodini yuborish" tugmasi bosiladi. Talabaning telefoniga SMS orqali kelgan 5 xonali raqam “Tasdiqlash kodi" qatoriga yozilib, “Tasdiqlash" tugmasi bosiladi;
- “Tasdiqlash" tugmasini bosishdan avval ijaraga oluvchi talaba bilan birga turgan boshqa talabalarni ham "Qo‘shish" tugmasi orqali dasturga kiritish lozim;
- Ijara shartnomalarining soliq organida hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada talaba va u bilan birga turuvchi talabalar haqida ma'lumotlar ham shakllanadi.
“Talabalar bilan tuzilgan ijara shartnomalari hisobga qo‘yilganda ushbu ma'lumotlar Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bazasida shakllanadi. Bu esa oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berishda oliy o‘quv yurtlariga qulaylik yaratadi", - deyiladi rasmiy xabarda.Bu haqda 18 noyabr kuni DSQ raisi boshchiligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ham ma'lum qilingandi.Avvalroq, talabalarga ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish tartibi belgilangandi.
Unda ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning oylik ijara to‘lovi bir qismini qoplab berish davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasiga muvofiq ijara huquqi asosida yashaydigan ariza beruvchilarga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.