O‘zbekistonda oliy tibbiyot ta’limi 1 yilga qisqardi


Bu o‘quv yilidan mamlakatdagi barcha oliy tibbiyot bilim yurtlarida davolash, harbiy-tibbiyot, pediatriya bo‘yicha o‘qish avvalgi 7 yil o‘rniga 6 yil qilib belgilandi. Tibbiy-biologik ish bo‘yicha talabalar 5 yil o‘rniga 4 yil, tibbiy profilaktika bo‘yicha 6 yil o‘rniga 5 yil o‘qiydi.

Yangi o‘zgarishlar bu yil 1-bosqichga qabul qilinadigan talabalar, shuningdek, 2 va 3 bosqich talabalariga taaluqlidir.

Shu paytgacha oliy tibbiyot ta’limi bilim yurtlarida gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar umumiy o‘quv soatlarining 15-20 foizini, asosiy mutaxassislik bo‘yicha fanlar esa 40-50 foizni tashkil qilgan edi.

Endi yangi o‘quv yilidan boshlab, ijtimoiy-iqtisodiy fanlar bloki 7 foizgacha qisqartirilib, davolash ishi va tibbiyotga oid fanlar hajmi 85 foizgacha ko‘paytiriladi.

2017-2018 o‘quv yilidan boshlab Respublikamizdagi barcha tibbiyot oliygohlaridagi davlat grantlari hududlar bo‘yicha taqsimlangan bo‘lib, faqatgina Toshkent shahri uchun grant o‘rinlari ajratilmagan.

Endilikda 6 yillik ta’limda tahsil oladigan talabalar o‘qishning oltinchi yilida o‘zining hududidagi yetishmayotgan mutaxassisligi (misol uchun, otorinolaringolog, kardiolog va sh.k.) bo‘yicha chuqurlashtirilgan- yo‘naltirilgan ta’lim oladi va 6- kursni bitirganda shu mutaxassislikga ega bo‘ladi.

Barcha tibbiyot oliygohlari va ulardagi qabul kvotalari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin: TIBBIYOT OLIYGOHLARI

Eslatib o‘tamiz, 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filiali abituriyent qabul qilishni to‘xtatdi. Shuningdek, Toshkent davlat stomatologiya instituning barcha filiallari yopilib, hududiy tibbiyot oliygohlariga stomatologiya fakulteti sifatida biriktirildi.