O‘zbekistonda diniy ta’lim tizimi o‘zining qadim va o‘lmas an`analariga ega. O‘rta asrlardayoq Buxoro o‘zining madrasalari va ulamolari bilan shuhrat qozonib, haqli ravishda “Islom olamining quvvati" unvoniga sazovor bo‘lgan. Samarqand va Buxoroda Mirzo Ulug‘bek qurdirgan madrasalar o‘rta asrlarning universitetlari vazifasini bajargan. Ayni vaqtda ajdodlarimizning diniy-ma’rifiy merosini yanada teran o‘rganish va tahlil qilish, ularning ilmiy an`analarini munosib davom ettirish bugungi avlod oldida turgan dolzarb vazifalardan sanaladi.
Shuningdek, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan globallashuv davrida dunyoda muqaddas islom dini ahkomlarini noto‘g‘ri talqin qilish, ularni soxtalashtirish yo‘li bilan turli fitna va buzg‘unchiliklar sodir etish holatlari kuzatilayotgani hech kimga sir emas. Bunday murakkab vaziyat dinimizning sofligini saqlash, uning tinchlik va insonparvarlikdan iborat asl mohiyatini aholi va, ayniqsa, yoshlarga yetkazishga qodir, yuqori darajada ilmiy va diniy salohiyatga ega mutaxassislarni tayyorlashni taqozo qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilning 1 sentabrida Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasida davlat, jamoat va yoshlar tashkilotlari, diniy soha vakillari bilan uchrashuvida diniy ta’lim tizimini tahliliy o‘rganib chiqish va zamon talablari asosida takomillashtirish, yuqori ilmiy tayyorgarlikka ega mutaxassislarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Islom akademiyasini tuzish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi.
Buyuk mutafakkir ajdodlarimiz asos solgan ilmiy maktablar va yo‘nalishlar davomiyligini ta’minlash, oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim o‘quv yurtlari, ilmiy tadqiqotlar markazlarini yuqori ilmiy saviya va malakaga ega mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti taklifiga asosan O‘zbekiston Islom akademiyasi tashkil etilmoqda, deb xabar beradi O‘zA.
Mamlakatimizdagi amaldagi qonunchilik va dunyoviy mamlakatlar qonunchiligini e`tiborga olgan holda tuzilayotgan mazkur akademiya nodavlat oliy diniy ta’lim muassasasi maqomida faoliyat olib boradi.
Akademiya huzurida magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish, islomshunoslik fanlari magistri, falsafa doktori va islomshunoslik fanlari doktori ilmiy darajalarini berish bo‘yicha Ixtisoslashgan ilmiy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Akademiyaning tashkil qilinishi yurtimizda islom dini nazariyasini chuqur egallagan, buyuk ajdodlarimizning bebaho ilmiy-ma’rifiy merosini teran o‘rgangan, diniy va dunyoviy ilmlar, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan har tomonlama yetuk mutaxassislar tayyorlash imkonini yaratadi.
Akademiyada mashg‘ulotlar o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayoniga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetining professorlari, fan doktorlari va nomzodlari, shuningdek, xorijiy davlatlaridan islomshunos olim va mutaxassislar jalb etiladi.
O‘zbekiston Islom akademiyasi huzurida magistratura (2 yil), tayanch doktorantura (3 yil) va doktorantura (3 yil) faoliyat yuritadi. O‘qish va ilmiy mashg‘ulotlar kontrakt-grant asosida tashkil qilinadi. Mustaqil tadqiqotchilar uchun masofadan o‘qish, tadqiqot ishlarini mustaqil olib borish imkoniyati yaratiladi, xorijdan doktorantlar va tadqiqotchilar o‘qish va amaliyotga shartnoma asosida qabul qilinadi.
Akademiyada olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari asosida O‘zbekiston Islom ensiklopediyasi, buyuk ajdodlarimiz to‘g‘risida ilmiy-ommabop adabiyotlar, ilmiy-ma’rifiy kitoblar yaratiladi, ilmiy jurnal chop etiladi.
O‘zbekiston Islom akademiyasining tashkil qilinishi oliy diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, diniy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini oshirish va zamon talablariga javob beradigan yuqori ilmiy saviyali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.