26 iyun kuni Xalqaro press-klubning O‘zbekistonda oliy ta'lim sohasiga bag‘ishlangan bir oylik sayyor sessiyalari xulosalari yuzasidan yakuniy muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda sohaga mas'ul hukumat mulozimlari va aksariyat OTMlarning rektorlari ishtirok etdi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, sessiya avvalida XPK tomonidan bir oy davomida sayyor sessiyalarda OTM talabalari, professor-o‘qituvchilari va rektorlari tomonidan ko‘rsatilgan muammoli holatlar umumlashtirilgan holda sanab o‘tildi.
Talabalar ta'kidlagan muammolar:
Oliy ta'lim va ishlab chiqarish o‘rtasida hamkorlik yo‘q. Shu sababli amaliyotning samarasi bugungi iste'molchilar talabiga javob bermaydi. Yozgi amaliyot esa korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradi.
Talabaning bilimini joriy baholash tizimi talabga javob bermaydi, talabaning asl salohiyatini ko‘rsatib bermaydi. Bu esa ta'magirlikka asosiy sabab bo‘lmoqda.
Axborot-resurs markazlarining moddiy-texnik bazasi talab darajasida emas, ularning sig‘imi o‘sib borayotgan talabalar kontingentiga mos kelmaydi.
Ayrim universitetlarda hatto internet yo‘q yoki tezligi juda past.
Zamonaviy o‘quv-laboratoriya va o‘qitishning texnik vositalari yetarli emas.
Ayrim o‘qituvchilar o‘z ustida ishlamaydi, mutaxassisligi bo‘yicha zamonaviy bilimlarga ega emas.
Darslar qiziqarli bo‘lmaydi. Yetarlicha bilim berilmaydi.
O‘quv darsliklari eskirgan. Zamonaviy chet el darsliklari esa o‘zbek tilida emas. Elektron kutubxona to‘laqonli shakllantirilmagan.
Magistraturaga qabul qilish tizimi shaffof emas.
O‘qitiladigan fanlar soni juda ko‘p. Nomutaxassislik fanlari ham yakuniy sessiyada mutaxassislik fanlari kabi talabni qo‘yadi. Talaba a'lo baho bilan sessiyani yopmasligi uchun nomutaxassislik fanlari ataylab bahoni tushiradi.
Eng korrupsiyalashgan fanlar – ijtimoiy-gumanitar fanlardir.
Davlat imtihonlarining ayrimlarini bekor qilish kerak.
Professor-o‘qituvchilar ta'kidlagan muammolar:
Malaka oshirish tizimi talabga javob bermaydi. Ma'lumotlar eski, yangilanmaydi. Tizimda korrupsiya holatlari mavjud.
Oliy ta'limda byurokratiya juda kuchli. Oliy ta'limni samarali tashkil qilish uchun zarur bo‘lgan, zudlik bilan yangilanishi va ishlab chiqilishi kerak bo‘lgan me'yoriy hujjatlar soni juda ko‘p.
Ilmiy ish qilish uchun o‘qituvchiga sharoit kam. Ilmiy ish qilaman degan o‘qituvchi byurokratiya botqog‘iga botib qoladi va oqibatda maqsadidan ham qaytadi.
Ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish jarayonida o‘qituvchilar Oliy attestatsiya komissiyasining murakkab byurokratik dovonidan oshib o‘tishi kerak.
Barcha me'yoriy hujjatlar faqat tayanch oliy ta'lim muassasasi tomonidan ishlab chiqarilayotgani sababli universitet, institut va filiallar o‘rtasida raqobat yaxshi shakllanmagan.
O‘quv rejalari va fan dasturlarini tuzishda OTMning individual imkoniyatlari va ilmiy-pedagogik salohiyati va maktablari xususiyatlari hisobga olinmagan.
Xorijiy adabiyotlarning tarjimasini tashkil etish mexanizmi ishlab chiqilmagan. Bunda xalqaro mualliflik huquqlari me'yorlariga amal qilinmayapti.
Oliy ta'limni yanada rivojlantirish, ta'lim sifatini oshirish strategiyasini ishlab chiqish, rivojlanishni bashoratlashga qaratilgan forsayt markazlar mavjud emas.
Rektorlar ta'kidlagan muammolar:
Rektorlarning mustaqillik darajasi chegaralangan, ular mahalliy hokimiyat va vazirliklarning nisbatan bosimi ostida ishlaydi.
Talabalar bilimini joriy baholash tizimi shaffof va adolatli emas, ko‘p jihatdan o‘qituvchining sub'yektiv xohishiga bog‘liq.
Oliy ta'lim tizimida korrupsiya, ta'magarlikka imkon beradigan qonun-qoida va nizomlar mavjud. Yalpi ijro ijroga kiritishdan oldin amaldagi me'yoriy hujjatlarning ayrimlarini balki alohida OTMlarda muayyan muddat sinovdan o‘tkazish zarur. Ayrim o‘ta muhim hujjatlar ijrosiga kirgach, muammolar kelib chiqmoqda.
Oliy ta'limni tashkil qilishning juda ko‘p vakolatlari asossiz ravishda OTM va oliy ta'lim tizimidan olinib, Vazirlar Mahkamasiga berilgan. Natijada ta'limni operativ boshqarish sur'ati prezident qo‘yayotgan talabga muvofiq emas.
O‘zbekistonda OTMlarga ishga olish tartibi sovet davridan buyon nomi o‘zgarsa ham, mazmuni o‘zgarmagan. Belgilangan tanlov tartibi mavjud reallikdan yiroq. Ko‘pchilikda taklif mana shunday: OTMlarga Mehnat kodeksi doirasida pedagoglarni yollash tartibini ishlab chiqish imkoniyatini berish zarur.
O‘zbekiston oliy ta'limi yaqin vaqt ichida qanday bo‘lishi kerak, degan tasavvur yo‘q.
Oliy ta'lim vazirligi 2018 yilda OTMga 2600ta topshiriq yuborgan. Bu vazirlikning o‘zida ham, OTMlarda ham birinchi rahbar va o‘rinbosar sirkulyar xatlarning aylanishini ta'minlash bilan band bo‘lib qolganini ko‘rsatmoqda. Rektorlarning fikricha, vazirlik strategik maqsadlar bilan shug‘ullanishi kerak.
Mahalliy hokimiyat uchun OTMlarni yig‘ilishga majburlash boshqaruvning bir usuli yoki kelgusida ularga bosim o‘tkazish quroliga aylangan.