Mehnat bozoriga til biladigan yoshlar kirib kelishini rag‘batlantirish uchun xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan yoshlarga xarajatlari “2+6” shaklida qoplab beriladi. Bu haqda bugun, 14 fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlari bilan o‘tkazayotgan muloqotida ma’lum qilindi.
Bunda o‘quv xarajatlarining dastlabki 2 oyi o‘quvchilarning o‘z mablag‘idan, qolgan 6 oyi davlat hisobidan to‘lab beriladi.
Shuningdek, endi xorijiy tillardan “C1” darajasiga ega bo‘lgan yoshlar tashabbus ko‘rsatib, olis va chekka hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochsa, ularga 120 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.
Bundat tashqari, Prezident SAT imtihonidan eng yuqori – 1 ming 600 ball to‘plagan Parviz Tuksanovni ushbu natija bilan qizg‘in tabriklab, ota-onasi va o‘qituvchilariga minnatdorlik bildirdi.