O‘zbekistonda o‘qishni ko‘chirish jarayonlari yaqin orada boshlanadi. Ariza topshirish uchun quyidagi saytlar orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish mumkin:
- transfer.edu.uz — davlat oliy ta’lim muassasasidan boshqasiga ko‘chirish uchun;
- my.uzbmb.uz — xorijiy mamlakatlarda yoki O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat oliygohlariga ko‘chirish uchun.
Arizalar qachon topshiriladi?
- O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustgacha qabul qilinadi.
- Arizalar 5-avgustdan 30-avgustgacha ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekistondagi bir OTMdan boshqasiga ko‘chirish shartlari
O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalaridan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish faqat quyidagi ikki toifadagi talabalarga ruxsat etiladi:
- Talaba turmushga chiqsa, turmush o‘rtog‘ining yashash joyidagi oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirish imkoniyati mavjud.
- Davlat xizmatchisining ish joyi o‘zgarganda, uning farzandi yoki turmush o‘rtog‘i tegishli rahbarning tavsiyanomasi bilan o‘qishini ko‘chirishi mumkin.
O‘qishni ko‘chirish uchun zarur hujjatlar
O‘qishni ko‘chirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak:
- Ko‘chirishni istalgan ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan ariza;
- Reyting daftarchasi yoki akademik ma’lumotnoma nusxasi;
- Ichki ko‘chirish bo‘lsa, asoslantiruvchi hujjat;
- Pasport yoki ID karta nusxasi.
O‘qishni ko‘chirish arizasi rad etilishi mumkin bo‘lgan holatlar
Quyidagi hollarda o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar rad etilishi mumkin:
- Akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qigan talabalar;
- Mavjud ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shaklida o‘qiganlar;
- Oliy ta’lim muassasasining markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqa shunga o‘xshash joylarda o‘qiganlar;
- 1-kursning 1-semestrini tugatmasdan o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lganlar;
- Oliy ta’lim muassasasida mos ta’lim yo‘nalishi yoki shakli mavjud bo‘lmaganda yoki fanlar bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;
- Kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganda;
- Talabaning shaxsiy yig‘ma jildi belgilangan muddatda taqdim etilmaganda;
- Grant asosida ko‘chirish uchun bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmaganda;
- Oliy ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasi imkoniyati cheklangan bo‘lsa;
- Maqsadli qabul qilingan talabalar boshqa ta’lim yo‘nalishiga yoki boshqa oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirmoqchi bo‘lganda;
- Kechki ta’limdan sirtqi ta’limga yoki kechki ta’limning bir sohasidan boshqa sohasiga ko‘chirish;
- Talaba O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalari o‘zaro kelishuvi asosida qabul qilingan bo‘lsa yoki qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha tahsil olayotgan bo‘lsa.
Grant asosida o‘qishni ko‘chirish
- Grant asosida o‘qishni ko‘chirish uchun faqat grantda o‘qiyotgan talabalar ariza topshirishi mumkin. Bunda ariza topshirilgan oliy ta’lim muassasasining joriy yildagi qabul kvotasida grant o‘rinlari mavjud bo‘lishi shart.
- Ko‘zi ojizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ajratilgan kvotada grant asosida o‘qiyotgan talabalar o‘qishini grant asosida ko‘chirishi mumkin.
Xorijiy OTMdan O‘zbekiston OTMlariga ko‘chirish
Xorijiy oliy ta’lim muassasasidan O‘zbekiston oliygohlariga o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar maxsus sinovdan o‘tishi kerak. Sinov quyidagi shakllarda bo‘lishi mumkin:
- Test;
- Yozma ish;
- Kasbiy (ijodiy) imtihon.