Oliy ta’limda 3 yillik yangi bakalavr tizimi, Toshkentda esa yangi universitet


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida, 14-fevral kuni maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining saviyasi, bilimi va ko‘nikmalari masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tizimda faoliyat yuritayotgan qariyb 60 ming tarbiyachining atigi 21 foizi oliy ma’lumotli, 79 foizi esa o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekani qayd etildi.

— Bolalar tarbiyasi jarayoniga o‘z ishini puxta biladigan, malakali va har bir bolaga individual yondasha oladigan pedagog-kadrlarni jalb qilgan holda, ularni go‘dakligidan ongi va tafakkurini to‘g‘ri shakllantirib bormasak, kelajakda yuksak saviya, bilim va ma’naviyatga ega bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalash qiyin bo‘ladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu boradagi o‘rganishlar natijasida kelgusi 3 yilda maktabgacha ta’lim tizimida 47 ming 300 dan ziyod oliy ma’lumotli pedagog kadrlar, jumladan, 28 ming 300 nafar tarbiyachi, defektolog, psixolog, musiqa rahbariga ehtiyoj paydo bo‘lishi aniqlangan. Shu bois, 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasalarida «Maktabgacha ta’lim» yo‘nalishida kunduzgi shaklda 3 yillik bakalavrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi. Bunda ilg‘or xorijiy tajriba, jumladan, Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlari tajribasi asosida yangi o‘quv rejasi va dasturlari ishlab chiqiladi.

Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasalarida sirtqi va kechki shaklda bakalavrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Joriy yil mart oyidan boshlab, viloyatlardagi universitet va pedagogika institutlari bazasida bog‘chalarning pedagog va nomutaxassis kadrlari uchun yarim yillik o‘quv dasturlari asosida qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

Bu haqda so‘z yuritar ekan, Prezident Janubiy Koreyaning Puchon universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Maktabgacha ta’lim universitetini tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda yuqori malakali, oliy ma’lumotli kadrlarni rag‘batlantirish, maktabgacha ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining oylik ish haqini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Imkoniyati cheklangan va jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan bog‘chalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlariga ham e’tibor qaratildi.

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbar va hokimlarning axborotlari tinglandi.


Manba: xabar.uz