Oliy ta'lim tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq ayrim muammolar ochiqlandi


Oliy ta'lim tashkilotlarining ta'lim faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining muhokama uchun e'lon qilingan qarori loyihasida aytilishicha, so‘nggi ikki yilda bir qator yangi mahalliy va xorijiy oliy ta'lim tashkilotlarining tashkil etilishi natijasida oliy ta'lim tashkilotlariga qabul qilinayotganlar soni 20 foizga yetkazildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 95 ta mahalliy va 21 ta xorijiy – jami 116 ta oliy ta'lim muassasasi faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari 50 taga yaqin oliy ta'lim muassasalaridagi mahalliy va xorijiy oliy ta'lim muassasalarining o‘zaro kelishuvi doirasida amalga oshirilayotgan qo‘shma ta'lim dasturlari va fakultetlarda oliy ta'lim berish yo‘lga qo‘yilgan.

Shunga qaramay, mahalliy va xorijiy oliy ta'lim tashkilotlari, ularning filiallari va ularda tashkil etilgan qo‘shma ta'lim dasturlari va fakultetlarning tashkil etilishi hamda faoliyati bilan bog‘liq ayrim muammolar uchramoqda.

Xususan:

birinchidan, oliy ta'lim tashkilotlari, ularning filiallari va ularda tashkil etilgan qo‘shma ta'lim dasturlari va fakultetlarda ta'lim faoliyatining talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi, o‘quv reja va dasturlarining vakolatli organlar tomonidan ekspertizadan o‘tkazilmaganligi, xorijdan professor-o‘qituvchilarning jalb etilmaganligi, darsliklar va boshqa o‘quv adabiyotlari, shuningdek zarur axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda laboratoriya anjomlari bilan jihozlanmaganligi talabalar va ota-onalarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda;

ikkinchidan, mahalliy va xorijiy nodavlat oliy ta'lim tashkilotlari va ularning filiallari ta'lim faoliyatiga litsenziya berilmaganligi hamda davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazilmaganligi ular tomonidan beriladigan oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatlarning boshqa davlatlarda tan olinmasligi bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarib, mazkur oliy ta'lim tashkilotlari tomonidan ta'lim faoliyatini litsenziyalashga bo‘lgan ehtiyojni yuzaga keltirmoqda;

uchinchidan, nodavlat oliy ta'lim tashkilotlarining ta'lim faoliyatiga qo‘yiladigan maxsus litsenziya talablari va shartlari, shuningdek ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda oliy ta'lim tashkilotlarining o‘quv reja va dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish mexanizmlarining mavjud emasligi ular faoliyatida turlicha yondashuvlarni keltirib chiqarmoqda;

to‘rtinchidan, rivojlangan xorijiy davlatlarda mavjud bo‘lgan davlat oliy ta'lim tashkilotlari ta'lim faoliyatini litsenziyalash tartibining mamlakatimizda joriy etilmaganligi yangi tashkil etilgan oliy ta'lim tashkilotlarining faoliyatini tashkil etishda ular davlat akkreditatsiyasidan o‘tgunga qadar bir qator qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda.