Prezident farmoni asosida Toshkent davlat yuridik universitetida boshqaruv tizimiga yangi tartib joriy etildi. Endilikda fakultet dekanlari, akademik departament boshliqlari va markaz rahbarlari saylov orqali 2 o‘quv yiliga saylanadi. Bir shaxs ushbu lavozimlarda ketma-ket 2 muddatdan ortiq ishlay olmaydi.
Farmonda ta’lim, tadqiqot va amaliyotni birlashtirish maqsadida universitetda sohaviy fakultetlar tizimi yangidan tashkil etilishi belgilangan. Yangi tuzilma quyidagi bo‘g‘inlardan iborat bo‘ladi:
-
akademik departamentlar
-
tadqiqot markazlari
-
amaliyot va karera markazlari
Universitet kafedralari negizida akademik departamentlar shakllantiriladi. Ular tarkibida shu’balar faoliyat yuritadi. Shu’balar professor-o‘qituvchilardan tuziladi va ularning rahbarlari kafedra mudirlariga tenglashtiriladi.
Tadqiqot markazlari fakultet yo‘nalishlariga mos ravishda ilmiy xodimlardan tashkil etiladi. Ular huquqni qo‘llash amaliyotida uchrayotgan muammolarni ilmiy asosda o‘rganishga ixtisoslashadi.
Asosiy o‘zgarish shundaki, endi fakultet dekanlari, akademik departament boshliqlari va markazlar rahbarlari saylov tartibida 2 o‘quv yili muddatiga saylanadi. Bitta shaxs bu lavozimlarga surunkasiga 2 muddatdan ko‘p saylana olmaydi.
Shuningdek, akademik departament boshliqlari va markaz rahbarlari fakultet dekanlarining o‘rinbosarlari sifatida belgilandi.
Mazkur islohotlar universitet boshqaruvida ochiqlikni kuchaytirish, mas’uliyatni oshirish hamda yuridik ta’limda ta’lim, ilmiy tadqiqot va amaliyotning uzviy aloqasini mustahkamlashga xizmat qiladi.