Eng yaxshi 50 nafar texnikum pedagoglari har yili xorijda malaka oshiradi


Prezident qaroriga binoan texnikum pedagoglari uchun bosqichma-bosqich malaka oshirish tizimi joriy etildi. Yangi tartibda umumta’lim fanlari o‘qituvchilari, maxsus fan o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalari uchun alohida o‘quv yo‘nalishlari belgilandi. Har yili eng yaxshi natija ko‘rsatgan 50 nafar pedagog xorijda o‘qishga yuboriladi.

PQ–316-son qaror bilan quyidagi tizim shakllantirildi:

  • Umumta’lim fanlari o‘qituvchilari A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti va hududiy pedagogik mahorat markazlarida malaka oshiradi.

  • Maxsus fanlar o‘qituvchilari yetakchi oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qitiladi.

  • Ishlab chiqarish ta’limi ustalari hududiy ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari va tegishli sohalar bo‘yicha malaka oshirish markazlarida tayyorlanadi.

Qarorga muvofiq, har yili malaka oshirish jarayonida eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 50 nafar pedagog qisqa muddatli kurslar uchun xorijiy ta’lim muassasalari va markazlariga yuboriladi. Bu tashabbus pedagoglarning zamonaviy metodikalarni egallashi, ishlab chiqarish va ta’lim o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlashi hamda texnikumlardagi ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.