Oliy harbiy bojxona institutiga abituriyentlar tanlovi davom etmoqda


Oliy harbiy bojxona institutiga abituriyentlar tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 3 iyundagi 141-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi Nizom" hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2015 yil 5 martda 2659-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Oliy harbiy bojxona institutiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom" talablari asosida amalga oshiriladi.

Oliy harbiy bojxona institutiga kirish istagini bildirgan abituriyentlardan arizalar qabul qilish joriy yilning 1 fevralidan 1 mayga qadar amalga oshiriladi.

Oliy harbiy bojxona instituti bojxona sohasi uchun professional kadrlar tayyorlovchi nufuzli oliy o‘quv yurti hisoblanadi. Institut hududida o‘quv-ma’muriy korpusi, yotoqxonalar, oshxona, axborot-resurs markazi, bosmaxona va boshqa zamonaviy bino-inshootlar barpo etilgan. Shu bilan birga, saf maydoni, jismoniy va jangovar tayyorgarlik kompleksi, stadionlar, sport va trenajyor zallari, basketbol maydoni, tennis korti, yopiq va ochiq turdagi basseynlar, jangovar va elektron o‘q otish tirlari kabilar mavjud.

Institutga:

o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ma’lumotiga ega bo‘lgan;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 14 yanvardagi PQ-257-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga javob beradigan;

harbiy xizmatni o‘tamagan 17 yoshdan 21 yoshgacha (qabul yilida 17 yoshga to‘ladiganlar) bo‘lgan;

harbiy ofitserlar tarkibi unvonlariga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilar yoki harbiy xizmatni o‘tagan 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan, tegishli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tanlov asosida qabul qilinadilar.

Tinglovchilar byudjyet hisobidan bepul kiyim-bosh, oziq-ovqat, stipendiya va barcha sharoitlar yaratilgan yotoqxona bilan ta’minlanadi.

Ta’lim olish muddati 4 yil bo‘lib, bitiruvchilarga oliy ma’lumot to‘g‘risida diplom, “bojxona xizmati leytenanti" maxsus unvoni hamda haydovchilik guvohnomasi berilib, 100 % ish bilan ta’minlanadi. O‘qish davri bojxona organlaridagi xizmat davriga qo‘shib hisoblanadi.

Mazkur institutga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar doimiy yashash manzilidagi bojxona boshqarmalarining Kadrlar xizmatiga murojaat etishlari mumkin.