Joriy yilning 22-28-iyul kunlari Bolgariyaning Blagoyevgrad shahrida talabalar o‘rtasidagi an’anaviy 25-xalqaro matematika olimpiadasi («International Mathematics Competition for University Students») bo‘lib o‘tdi. Mazkur xalqaro olimpiadada O‘zbekistonlardan 4 nafar talaba ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi.
Xabarda aytilishicha, dunyoning nufuzli 100ga yaqin oliy o‘quv yurtlaridan tashrif buyurgan 351 nafar talaba ishtirok etgan Xalqaro olimpiadada vakillarimiz 2 ta oltin va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritishdi.
O‘zbekiston Milliy universiteti matematika fakultetining 4-bosqich talabalari Hakimboy Egamberganov va Shohruh Ibragimovlar oltin medallar (1-darajali diplom), Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti mexanik muhandislik fakulteti 3-bosqich talabasi Farrux Muxammadiyev va O‘zbekiston Milliy universiteti matematika fakultetining 1-bosqich talabasi Tolibjon Ismoilovlar esa bronza medallar (3-darajali diplom) bilan taqdirlandi. Jamoaga Shveysariyaning Bern universiteti matematika instituti hamda Buyuk Britaniyaning «University College London» ta’lim muassasalari katta ilmiy xodimi, matematika fanlari doktori (PhD) Orif Ibragimov rahbarlik qildi.
E’tirofga molik jihati Hakimboy Egamberganov va Shohruh Ibragimovlar 2017-yilgi talabalar o‘rtasidagi 24-xalqaro matematika olimpiadasida ham oltin medallarni qo‘lga kiritishgan.
Talabalar o‘rtasidagi eng nufuzli xalqaro matematika olimpiadasi hisoblangan ushbu musobaqa 1994 yildan buyon muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Olimpiadada qatnashchilarga ikki kun davomida Algebra (chiziqli va abstrakt), Analiz (haqiqiy va kompleks), Geometriya va Kombinatorika sohalaridan masalalar beriladi va ulardan yechimlarini ingliz tilida taqdim etishlari talab etiladi. Olimpiadadan so‘ng qatnashchilarning yozma ishlari jamoa rahbari tomonidan himoya qilinadi va ballar to‘planadi.