Xalq ta'limi vazirligi maktablarda davlat imtihonlari o‘tkazilishi yuzasidan ma'lumot berdi.
Qayd etilishicha, imtihonlar karantin qoidalariga qat'iy rioya etgan holda o‘tkaziladi. Imtihonlar o‘tkazilishidan oldin ta'lim muassasalarida dezinfeksiya ishlari olib boriladi, o‘quvchilar imtihonlarga sanitar-gigiyena qoidalariga rioya etgan holda himoya vositasida (tibbiy niqob) kiritilib, binoga kirishdan avval tibbiy xodimlar tomonidan ularning tana harorati o‘lchanadi va oraliq masofani saqlashlari ta'minlanadi.
Agar maktab karantinga yopilgan bo‘lsa imtihon karantin muddati tugaganidan so‘ng, imtihonlar karantin qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda o‘tkaziladi.
Imtihonlar og‘zaki, yozma hamda test sinovlari shaklida quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi:
- 26 maydan 2 iyunga qadar — 5-, 6-, 7-, 8- va 10-sinf o‘quvchilari uchun bosqichli nazorat imtihonlari;
- 26 maydan 15 iyunga qadar — 9- va 11-sinf bitiruvchilari uchun yakuniy davlat imtihonlari o‘tkaziladi.
Imtihon savollari va materiallari Xalq ta'limi vazirligining rasmiy "Telegram" kanaliga joylashtirilgan.
Imtihondan o‘ta olmagan o‘quvchilarga amaldagi nizomga ko‘ra, imtihondan ikki hafta o‘tgach qayta yakuniy attestatsiyadan o‘tish huquqi beriladi.
Yillik baho va yakuniy attestatsiya natijalariga ko‘ra, umumiy o‘rta ta'lim davlat ta'lim standartlari talablarini bajarmay, «qoniqarsiz» baho olgan bitiruvchilar shu sinfda qayta o‘qishga qoldiriladi.
“Xalq ta'limi vazirligi maktab ma'muriyatlaridan imtihonlarni adolatli va shaffof tashkil qilish hamda turli noqonuniy yig‘imlarning oldini olish choralarini ko‘rishlarini so‘raydi", deyiladi ma'lumotda.
Bundan oldin, maktablarda yakuniy va bosqichli imtihonlarni o‘tkazish tartibi ma'lum qilingandi.