“Yangi O‘zbekiston" universitetida ilk magistratura bosqichi ta’lim dasturi ochildi va OTM yangi o‘quv binosida faoliyatini davom ettirmoqda. Shu munosabat bilan jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.
Mazkur oliy ta’lim muassasasi prezident tashabbusi asosida bilan 3 yil avval tashkil etilgan edi. Universitet yangi o‘quv binosi 1200 talaba uchun mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda 700 ga yaqin talaba tahsil olmoqda. Press-tur ishtirokchilari bino va ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishtirildi. Ayniqsa 2000 ga yaqin ommabop ilmiy va badiiy kitoblardan iborat kutubxona ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
“Universitetimizda talabalarning IT bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish maqsadida Apple hamda Huawei kompaniyalarining rasmiy markazlari tashkil etilgan. Mazkur markazlarda talabalarga Apple kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariluvchi qurilmalarga dasturlar yaratish uchun swift dasturlash tili hamda huawei akademiyasida android va boshqa operatsion tizimlarda ishlovchi qurilmalarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shimcha kurslar tashkil etilgan. Har bir markazda tashkil etilgan kursni muvaffaqiyatli tugatgan talabalarga kompaniyalarning rasmiy sertifikati taqdim etiladi. Bu esa ularning ishga joylashish jarayonida kasbiy jihatdan ustunlik beradi" – deydi OTM xodimlari.
Binoda amaliyot xonalari, eng so‘nggi asbob-uskunalar bilan jihozlangan kimyo va fizika laboratoriyalari, oshxona hamda interaktiv dars xonalari faoliyat olib bormoqda.
Hozirda universitetda Kimyo va materialshunoslik muhandisligi, Mexanika muhandisligi, Dasturiy ta’minot muhandisligi, Kiber xavfsizlik, Sun’iy intellekt va robototexnika, Amaliy matematika, Iqtisodiyot va ma’lumotlar tahlili, Pedagogika va Sanoat boshqaruvi kabi 9 ta ta’lim yo‘nalishining bakalavriat bosqichiga o‘qishga arizalar qabul qilinmoqda.
Qabul imtihonlarida yuqori natija qayd etgan talabgorlarga turli miqdordagi bir yillik grantlar ajratiladi. Jumladan, har qanday ta’lim yo‘nalishiga eng yuqori natija asosida o‘qishga qabul qilingan top 10% talabalarga 100% grant, ketma-ketlik tarzida keyingi 10% ni tashkil qiluvchi talabalarga 70% grant va undan keyingi 15% talabalarga 50% grant ajratiladi.
Shuningdek, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Mirzo Ulug’bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi kabi ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari o‘quvchilaridan eng yuqori ball asosida o‘qishga qabul qilingan 5% talabgorlar, xalqaro olimpiada g‘oliblari, ijtimoiy himoya yagona reestriga kirgan oila a’zolari va prezident maktabi bitiruvchilari 4 yillik 100% grant asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Universitetda Germaniyaning Mitvayda amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda magistratura bosqichining Sanoat boshqaruvi – innovatsiya va biznesni rivojlantirish yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturi (double degree) tashkil qilindi. Dastur bo‘yicha tahsil olish davomiyligi 2 yilni tashkil qilib, 4 semestrdan iborat bo‘ladi.
Ushbu magistratura bosqichiga o‘qishga ariza topshirmoqchi bo‘lgan talabgorlardan ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat (minimum IELTS 6 yoki TOEFL 79 ball) talab etiladi. Bundan tashqari talabgorlar bilan intervyu tarzida savol-javob ham tashkil etiladi.