Maʼlumki, 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi (bundan keyingi o‘rinlarda – IIV Akademiyasi)ning kunduzgi taʼlim shakliga qabul Ichki ishlar vazirligining idoraviy akademik litseylari, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek o‘rta, o‘rta-maxsus va kasb-hunar maʼlumotiga ega ichki ishlar organlari xodimlari hamda harbiy xizmatchilari hisobiga amalga oshirilmoqda.
Bunda nomzodlarning yoshi o‘n sakkizdan kichik va yigirma beshdan katta bo‘lmasligi (shu jumladan yigirma besh yoshdagi), bo‘y-basti yigitlar uchun 165 santimetr, qizlar uchun 160 santimetrdan past bo‘lmasligi talab etiladi. Qabul jarayoni:
- Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari bitiruvchilari uchun – ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida;
- harbiy akademik litseylar bitiruvchilari uchun – (hujjatlarni to‘plash va o‘rganish tadbirlari) ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida va (tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tadbirlari) harbiy akademik litsey joylashgan hududdagi ichki ishlar organlarida;
- ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun – ularning xizmat joyi va harbiy qismlarda (muassasalarda) o‘tkaziladi.
Akademiyaga o‘qishga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari prinsiplari asosida quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:
- dastlabki tanlov – (hududiy jamlovchi organlarda amalga oshiriladigan bosqich bo‘lib, bu bosqichda ketma-ketlikda tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi maʼlumotlarni to‘plash, nomzod to‘g‘risidagi turli maʼlumotlarni aniqlash, oilaviy ahvoli, ota-onalari va yaqin qarindoshlarining ichki ishlar organlaridagi xizmatga munosabati va shu kabilar hamda nomzodning sog‘lig‘i jihatidan o‘qishga yaroqliligini aniqlash kiradi);
- maxsus kasbiy tanlov – (IIV Akademiyasida amalga oshiriladigan bosqich bo‘lib, bu bosqichda ketma-ketlikda hujjatlarni o‘rganish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, psixofiziologik o‘rganish, yozma ish (bayon yoki insho), umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va chet tillarini o‘zlashtirganlik darajasini baholash sinovlari kiradi);
- yakka tartibdagi yakuniy suhbat – (huquqshunoslik, O‘zbekiston va jahon tarixi, adabiyot, maʼnaviyat asoslari va milliy istiqlol g‘oyasi, asosiy tushuncha va tamoyillar fanlari bo‘yicha nomzodlarning bilimlarini har tomonlama va xolisona baholashdan iborat).
Psixofiziologik o‘rganish, yozma ish, umumjismoniy tayyorgarlik va chet tillarini o‘zlashtirganlik darajalarini baholash bo‘yicha to‘planishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 50 foizidan kam ball to‘plagan nomzodlar qabul komissiyasining qaroriga ko‘ra yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qo‘yilmaydi. Nomzodlar sinovlarni o‘zbek yoki rus tillaridan birini tanlagan holda topshiradilar.
Nomzodlar uchun quyidagi imtiyozlar yaratilgan:
- Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgustdagi “Taʼlim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 610-son qarori asosida chet tillarini bilish darajasi haqida davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlarga chet tili fanidan belgilangan maksimal ball berilib, chet tili fanidan o‘tkaziladigan sinovlardan ozod etilishi;
- xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari Akademiyaga dastlabki va maxsus kasbiy tanlov natijalari hamda tegishli vazirlik yoki idora rahbarining taqdimnomasi asosida, O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining qarori bilan yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz o‘qishga qabul qilinishi;
- O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning xizmatdagi ofitserlari, kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarining hamda Milliy gvardiyaning xizmatdagi xodimlarining farzandlari, Akademiya kunduzgi taʼlim shakliga o‘qishga o‘tkaziladigan qabul davomida, ular uchun alohida ajratilgan kvotalar doirasida tanlovda qatnashishlari;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993 yil 5 fevraldagi “O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida" farmoniga muvofiq hamda Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq dastlabki va maxsus kasbiy tanlov natijalari asosida, O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdagi xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblari Qabul komissiyasining qaroriga ko‘ra, Akademiyaga yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz o‘qishga qabul qilinishi belgilab o‘tilgan.
Qabul komissiyasi tomonidan maxsus kasbiy tanlov natijalari va yakka tartibdagi yakuniy suhbat bo‘yicha nomzodni Akademiyaga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qilinadi. Nomzodlar belgilangan kvota asosida o‘qishga qabul qilinadilar.
Maʼlumot uchun aytish kerakki, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi taʼlimida o‘qish istagida bo‘lgan nomzodlarning hujjatlari 2021 yilning 15 fevraliga qadar davom etadi.
IIV Akademiyasi matbuot xizmati