Bojxona institutini joriy o‘quv yilida tugallagan bitiruvchilarga diplomlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi


Davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlangan tadbirda Bojxona qo‘mitasi rahbariyati, bojxona faxriylari, bitiruvchilarning ota-onalari va bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Bitiruvchilarni qutlar ekan Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov bojxona tizimida Davlatimiz Rahbari tomonidan olib borilayotgan jadal islohotlarning samaradorligi bugungi kadrlarning bilim va malakasi, salohiyatiga chambarchas bog‘liq ekanligini taʼkidladi.

Prezidentimizning bojxona maʼmuriyatchiligini yana-da rivojlantirishga oid farmon va qarorlarida bojxona sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, taʼlimni xalqaro standartlar asosida tashkil etish ustuvor vazifa sifatida qaraladi.

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida so‘nggi yillarda Bojxona institutida yoshlarga taʼlim berishning sifati har tomonlama o‘sdi. Yoshlarga nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalar berishga alohida eʼtibor qaratildi.

Natijada yoshlarni jismoniy va maʼnaviy jihatdan barkamol qilib tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.

So‘nggi yillarda kursantlar respublika va xalqaro sport musobaqalari hamda bilimlar ko‘rik-tanlovlarida faol ishtirok etib, ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Jumladan, armrestling va qo‘l jangi bo‘yicha jahon chempionatlarida institut kursantlari shohsupadan joy olishdi. Axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt bo‘yicha esa ellikdan ziyod jamoalari orasida 1- va 2-o‘rinlarni band etishdi.

Institut kursantlarining salkam 60 foizi xorijiy tillarni o‘zlashtirish bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritishgan.

Diplomlar topshirilganidan so‘ng tadbirda so‘zga chiqqanlar institut bitiruvchilariga samimiy tilaklarini yo‘llab, Vatanga va kasbiga sadoqat, fidoyilik va halollik kabi yuksak insoniy fazilatlarga hamisha sodiq qolishlariga ishonch bildirishdi.