Davlat test markazi o‘zining rasmiy telegram kanaliga ayrim soxta abituriyentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirmoqda.
«Toki bunday «hojatbaror»lar qilmishi, boshqalar uchun dars bo‘lsin», deyiladi DTM xabarida.
Qayd etilishicha, avvalgi yillarda qabul jarayonida abituriyent suratga tushar va uni asl abituriyentning o‘rniga «soxta abituriyent» rasmga tushishi orqali soxtalashtirish mumkin edi. Bu, o‘z navbatida, amaldagi tartibning qo‘pol buzilishiga olib kelar, bunday holatlarni aniqlash murakkablik tug‘dirar edi.
Joriy yilda o‘tgan yillar tajribalaridan kelib chiqqan holda abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda ularning pasport ma’lumotlari va rasmlari Ichki ishlar vazirligi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining pasport viza tizimidan olindi va test sinovlari bo‘lib o‘tadigan binoga kirishda videofiksatsiya qurilmalari orqali abituriyentlarning shaxsi aniqlandi.
Videofiksatsiya qurilmalari orqali tekshirilganda moslik darajasi past bo‘lgan hollarda, barmoq izlarini tekshirish vositalari ishlatildi. Bu usul soxtaliklarni aniqlashda ancha qo‘l keldi. Natijada binoga kirishga harakat qilgan ko‘plab «soxta abituriyent»lar aniqlandi. Ularning barchasi belgilangan qonunchilik doirasida chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlari vakillariga topshirildi.
Rasmlarda chap tomonda abituriyentlar, o‘ng tomonda abituriyentning o‘rniga test sinovlariga kirishga harakat qilgan shaxslar suratlari keltirilgan.