Endi uyda o‘qib ham oliy ma’lumot olish mumkin


Yangi o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimida maxsus sirtqi bo‘lim talabalari uchun darslar masofadan turib onlayn tarzda o‘qitiladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Ta’lim muassasalarida elektron ta’limni joriy etish markazi «Xabar.uz»ga xabar qildi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-avgustda qabul qilingan «Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risida»gi  qarori asosida 15 ta oliy o‘quv yurtida 8 ta yo‘nalish bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etilgan. Endilikda joriy etilgan onlayn o‘qitish platformasi yordamida sirtqi ta’lim talabalari, masofadan turib, o‘z ish joyidan ajralmagan holda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-noyabrdagi «Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida»gi qarorida sirtqi va kechki ta’lim talabalari uchun masofadan turib ta’lim berish belgilangan.

Onlayn o‘qitish platformasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Ta’lim muassasalarida elektron ta’limni joriy etish markazi tomonidan joriy etildi. Bugungi kunda maxsus sirtqi ta’limning 144 ta darsligi tayanch oliy ta’lim muassasasi bilan birgalikda masofaviy o‘qitish formati asosida ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi. Masofaviy ta’limni amalga oshirishning navbatdagi bosqichida oliy ta’limning sitrqi va kechki ta’lim uchun masofaviy o‘qitishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Sirtqi va kechki ta’lim darsliklari ham bosqichma-bosqich onlayn o‘qitish tizimiga o‘tkazilib boriladi.

Onlayn o‘qitish kursini tashkil qilish uchun mo‘ljallangan platformada barcha zaruriy elementlar yaratilgan. Xususan, ma’ruza, videodars, test, topshiriq, chat, forum, so‘rovnoma, glossariy, teskari aloqa va vebinar shular jumlasidandir. Shuningdek, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida platformani ijtimoiy tarmoqlar bilan integratsiyasi amalga oshirildi.

Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga masofaviy ta’limni joriy qilinishi davlat uchun ham talaba uchun ham ta’lim xarajatlarini qisqartirishga yordam beradi. Bu esa o‘z navbatida, qabul kvotalarini oshishiga xizmat qiladi.  Shuningdek, talabalarning ish joyidan ajralmagan holda ta’lim olishlari o‘zaro ikki faoliyat — ta’lim  va mehnat faoliyatlarining uyg‘unlashuvini ta’minlashda ham ahamiyatli hisoblanadi.

Manba: xabar.uz