DTM test to‘plamlarini kontrafakt holatda tarqatayotganlarni qattiq ogohlantirdi


Davlat test markazi «DAVR PRESS» nashriyot-matbaa uyi hamkorlikda abituriyentlar, o‘qituvchi va shu soha mutaxassislari uchun fanlar kesimida «DTM TEST TOPShIRIQLARI TO‘PLAMI – 2019» nomi bilan savollar bazalaridagi test topshiriqlarini nashrdan chiqardi, deb xabar bermoqda markaz matbuot xizmati.

«Biroq hozirda Davlat test markazi va nashriyotga respublika hududlarida bu to‘plamlarning noqonuniy qalbakilashtirilishi va tarqatilishi, kontrafakt holatda kitob do‘konlariga tarqatilib, savdoga chiqarilishi haqidagi asosli xabarlar kelib tushmoqda. Bu holatlar ayniqsa Namangan, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Nukus shahrida ko‘p kuzatilmoqda.

Bundan tashqari internet tarmoqlari – aynan telegram messenjerida ko‘plab noqonuniy ravishda tarqatilayotgan elektron materiallar kuzatilyapti. Bu esa kitob, darslik va Davlat test markaziga tegishli material mualliflarining ham huquqlari qo‘pol ravishda buzilayotganligidan dalolat bermoqda.

Hozirda bunday huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida kerakli asoslar yig‘ilyapti va albatta bularga qonuniy baho beriladi.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarni hisobga olgan holda Davlat test markazi barcha noqonuniy harakatlarni amalga oshirayotgan shaxslarni ogohlantiradi va ushbu test to‘plamlarini noqonuniy chop etish hamda elektron holatda tarqatish holatlariga barham berishga chaqiradi, aks holda, O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 149-moddasiga asosan mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzganlik uchun tegishli chora ko‘rilishini eslatib o‘tadi.

Test to‘plamlariga kiritilgan barcha materiallar davlat test markazining intellektual mulki hisoblanadi!», deyiladi xabarda.

Manba: xabar.uz