Chet tili darajasi bo‘yicha test natijasini e’lon qilish muddati 1 haftagacha qisqartirildi


Chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

2022 yil 1 martdan chet tilini bilish darajasini aniqlash, malaka sertifikati yoki ma’lumotnoma olish uchun test sinovida qatnashish bo‘yicha murojaatlar YaIDXP (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi. 

Talabgordan 3,5 x 4,5 sm fotosurat va davlat xizmati uchun to‘lovni tasdiqlovchi hujjat nusxasini talab qilish bekor qilinadi. Imtihon o‘tkaziladigan kunlar DTM saytida e’lon qilinadi va talabgorga imtihon kunini mustaqil tanlash huquqi beriladi.

Test natijalarini e’lon qilish muddati 3 haftadan 1 haftagacha qisqartiriladi. Malaka sertifikati yoki ma’lumotnoma natija e’lon qilingan kundan boshlab 1 ish kunida talabgorga yuboriladi.

Amaldagi har bir daraja (A2, B1, B2, C1) uchun alohida imtihon topshirish tartibiga qo‘shimcha umumlashtirilgan ko‘p darajali (Multi-level) test tizimi (B1, B2, C1) joriy qilinadi. Multi-level test tizimi 2022 yil 1 martdan – ingliz tili uchun, 2022 yil 1 noyabrdan – nemis, fransuz va arab tillari uchun joriy etiladi.

Chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishda talabgor so‘rovnomani mustaqil ravishda YaIDXP orqali to‘ldiradi. So‘rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi. 

So‘rovnoma YaIDXP orqali avtomatik tarzda DTM (vakolatli organ)ga yuboriladi. DTM talabgorlarni malaka imtihonini o‘tkazish joyi va aniq vaqti to‘g‘risida imtihon sanasidan 3 kun oldin xabardor qiladi.

Chet tilini bilish darajasi test sinovi, yozma ish va gapirish ko‘nikmasini baholash yo‘li bilan aniqlanadi. Malaka imtihoni qog‘ozlarda yoki kompyuterda o‘tkazilishi mumkin. Imtihon topshirishda talabgor pasport, ID-karta yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning aslini taqdim etadi.


Malaka imtihonining har bir daraja uchun o‘tkaziladigan test sinovi: “tinglab tushunish", “o‘qish" bo‘limlarining har biri 30 ta savoldan; “yozma ish" bo‘limi 2 ta yozma topshiriqdan (darajaga bog‘liq holda birinchi topshiriq – 30-150 ta so‘zdan, ikkinchi topshiriq – 50-250 ta so‘zdan); “gapirish" bo‘limi topshiriqlarning 3 ta turidan iborat bo‘ladi.


Reglament 1 martdan kuchga kiradi.