Bilim va malakalarni baholash agentligi 2026-yil sentyabr oyida chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha o‘tkaziladigan malaka imtihonlari sanalarini ma’lum qildi.
Imtihonlar ingliz, nemis, fransuz, turk va arab tillari bo‘yicha tashkil etiladi. Talabgorlar imtihonda qatnashish uchun my.gov.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tish qachongacha davom etadi?
Malaka imtihonlarida ishtirok etish uchun arizalar 29-avgustga qadar qabul qilinadi.
To‘lovni amalga oshirishning oxirgi muddati esa 30-avgust etib belgilangan.
Shunday qilib:
-
ro‘yxatdan o‘tish — 29-avgustgacha;
-
to‘lovni amalga oshirish — 30-avgustgacha;
-
imtihonlar — 13–15-sentyabr kunlari.
Imtihonlar qayerda o‘tkaziladi?
Test sinovlarining aniq joyi, sanasi va hududlar bo‘yicha ajratiladigan o‘rinlar soni Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan belgilanadi.
Muayyan hudud uchun ajratilgan o‘rinlar to‘lib qolsa, o‘sha hudud bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish muddatidan oldin yopilishi mumkin.
Shu sababli imtihonda qatnashishni rejalashtirayotgan talabgorlarga ro‘yxatdan o‘tishni oxirgi kunga qoldirmaslik tavsiya etiladi.
Nemis va fransuz tili imtihonlari kompyuterda bo‘ladi
Nemis va fransuz tillari bo‘yicha malaka imtihonlari maxsus dastur yordamida kompyuterda o‘tkaziladi.
Ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarga test o‘tkaziladigan aniq manzil va vaqt keyinchalik qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinadi.